Minskdagi xalqaro kinofestivalda O‘zbekiston 3 ta mukofotga sazovor bo‘ldi

“Listapad” kinofestivalida “Matonat”, “Ayol qismati” va “101 reys” filmlari e’tirof etildi.
Sputnik
TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Belarus poytaxti Minskda 7-11 noyabr kunlari “Listapad” xalqaro kinofestivali o‘tkazildi. Unda 3 ta O‘zbekiston filmlari mukofotga sazovor bo‘ldi. Bu haqda Kinematografiya agentligi matbuot xizmati xabar berdi.
Kinofestivalda jami 40 dan ortiq davlat va 100 ga yaqin filmlar ishtirok etgan.
“Listapad” kinofestivalining “Eng yaxshi rejissor uchun” mukofoti Shuhrat Mahmudovning “Matonat” hujjatli filmiga topshirildi. Film Ikkinchi jahon urushi yillarida Germaniyaning “Amersfort” lageridagi 101 nafar o‘zbekistonlik askarlarning jasorati va shijoatiga bag‘ishlangan.
Rejissor Dilmurod Masaidovning “Ayol qismati” badiiy filmi “Insonparvarlik va umuminsoniy qadriyatlar mavzusining dolzarbligi uchun” nominatsiyasida maxsus mukofotga sazovor bo‘ldi. Film Suriyada jangarilar tomonidan aldanib, ozodlik sari qiyin yo‘lni bosib o‘tgan ayol haqida hikoya qiladi.
Yosh kinorejissor Akrom Shohnazarovning “101 reys” badiiy filmi esa davlatlararo “Mir” teleradiokompaniyasining “Kino tili – do‘stlik tili” nominatsiyasining maxsus mukofoti bilan taqdirlandi.
Shuningdek, MDH davlatlari kinematograflarining ishchi yig‘ilishida O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov MDH Ijroiya qo‘mitasining “MDHga a’zo davlatlar kinematografiya sohasidagi hamkorligini rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasi uchun” diplomi bilan taqdirlandi.
Bundan tashqari, Minskda o‘tkazilgan Kinematografiya rahbarlari yig‘ilishida MDH davlatlari kinematograflari xalqaro ijodiy alyansi shtab-kvartirasini O‘zbekiston raisligida Toshkent shahrida joylashtirish to‘g‘risidagi qaror bir ovozdan qabul qilindi.