TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Janubiy yarimshar mamlakatlari rahbarlarining Rossiya bilan muzokaraga chorlashi Ukrainani g‘azablantirdi. Bu haqda Fransiyaning “Le Figaro” gazetasi yozmoqda.
“Ukrainadagi vaziyat to‘g‘ridan-to‘g‘ri janubiy yarimshar mamlakatlariga ta’sir qilyapti, shuning uchun bu sof mintaqaviy mojaro, deyish mumkin emas, dedi turli mamlakatlar rahbarlari Parij forumida”, - deyiladi maqolada.
Maqolada Argentina prezidenti Alberto Fernandes “tinchlikka erishish bo‘yicha muzokaralarni” boshlashga chaqirgani, Lotin Amerikasi ham ularda ishtirok etishga tayyor ekanligiga ishontirgani eslatilgan.
“Tinchlik talab qilish soddalik deb o‘ylashimiz mumkin bo‘lsa ham, “tinchlik” so‘zini yana qadrlash muhim”, chunki “tinchlik talab qilishdan ko‘ra inqilobiyroq narsa yo‘q”, - deya Argentina prezidentining so‘zlarini keltiradi gazeta.
Bundan tashqari, yaqinda AQSh Bosh shtabi boshlig‘i, general Mark Milli ham mojaroga barham berish bo‘yicha muzokaralar olib borishga umid bildirdi, chunki uning fikricha, harbiy g‘alaba na Moskva, na Kiyev uchun imkonsiz.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy avvalroq Rossiyaning amaldagi rahbariyati bilan hech qanday muzokaralar bo‘lmasligini ma’lum qilgan va Kiyev hatto ularni taqiqlovchi maxsus qonun ham qabul qilgan edi.
Moskva muzokaralardan hech qachon voz kechmaganini bir necha bor ta’kidlagan. Xususan, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning ta’kidlashicha, hozir muloqotni davom ettirish imkoniyati yo‘q, ayniqsa Ukraina rasmiylari buni o‘zlariga taqiqlab qo‘ygan.
Rossiya 24-fevraldan beri Ukrainada harbiy maxsus operatsiya o‘tkazmoqda. Vladimir Putin uning vazifasi “sakkiz yil davomida Kiyev rejimi tomonidan bezorilik va genotsidga uchragan odamlarni himoya qilish” ekanini aytgan. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, operatsiyadan asosiy maqsad Donbassni ozod qilish va Rossiyaning o‘zi xavfsizligini kafolatlaydigan shart-sharoitlarni yaratishdir.