BMT Rossiya o‘g‘itini Afrikaga tashish uchun birinchi kemani ijaraga oldi

“Uralxim” rivojlanayotgan mamlakatlarga 260 000 murakkab o‘g‘itlarni mutlaqo bepul, shu jumladan yuklash, tashish va sug‘urtalash xarajatlarini ham o‘z zimmasiga olib, yetkazib berishini tasdiqlagan.
Sputnik
TOShKENT, 13 noya — Sputnik. BMTning Jahon oziq-ovqat dasturi (JOOD) Rossiyadan Afrika mamlakatlariga o‘g‘it tashish uchun birinchi kemani ijaraga oldi. Bu haqda RIA Novosti JOOD bosh direktori Devid Bizli so‘zlariga asoslanib, xabar bermoqda.
“JOOD Rossiyaning zarur o‘g‘itlarini Afrikaga olib o‘tadigan ko‘plab kemalardan birinchisini ijaraga bermoqda”, - deb yozdi Bizli Twitter’da.
Avvalroq “Uralxim” va “Uralkaliy” o‘g‘itlarning xayriya partiyasini JOOD kemasiga yuklash uchun ruxsat olganini e’lon qilishgandi. 20 ming tonnalik murakkab o‘g‘itlar partiyasi joriy yil 21-noyabrdan boshlab bir hafta davomida Mozambik orqali Malaviga jo‘natiladi.
Hisobotga ko‘ra, “Uralxim” rivojlanayotgan mamlakatlarga 260 000 murakkab o‘g‘itlarni mutlaqo bepul, shu jumladan yuklash, tashish va sug‘urtalash xarajatlarini ham o‘z zimmasiga olib, yetkazib berishini tasdiqladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22-iyul kuni Istanbulda Rossiya mahsulotlarini eksport qilishdagi cheklovlarni bekor qilish va Ukraina donini jahon bozoriga chiqarishda Rossiyaning yordamini ko‘zda tutuvchi ko‘p tomonlama bitimlar imzolandi. Shartnomalar Rossiya, Turkiya, Ukraina va BMT vakillari tomonidan imzolandi. Bitim 19-noyabrgacha mo‘ljallangan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin sentabr oyi boshida G‘arb Ukraina donining ko‘p qismini Afrikadagi muhtoj mamlakatlarga emas, balki o‘z davlatlariga olib ketayotganini ta’kidladi. Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya “don bitimining” Rossiya oziq-ovqat va o‘g‘itlarini eksport qilish bo‘yicha qismi ishlamayotganini ta’kidladi.
Bitimning dastlabki muddati oxirlay boshlaganda, kelishuvning Rossiyaga taalluqli qismi ishlamayotgani sababli, Moskvaning undagi faoliyati to‘xtatilishi va kelishuv barbod bo‘lish xavfi yuzaga keldi. BMT shundagina bitimning rus doni va o‘g‘itiga aloqador qismini hayotga tatbiq etish harakatiga tushib qoldi.