TOShKENT, 13 noya — Sputnik. Iqlim o‘zgarishining salbiy oqibatlarini muvaffaqiyatli bartaraf etish uchun jahon hamjamiyatiga 1 trillion dollar kerak bo‘ladi. Bunday ma’lumotlarni BMTning 2030-yilgacha barqaror rivojlanish kun tartibini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus vakili Muhammad Muhiddin kecha, 12-noyabr kuni, BMTning iqlim o‘zgarishi bo‘yicha doiraviy konvensiyasi (COP-27) ishtirokchilarining 27-konferensiyasida so‘zlagan nutqida keltirdi.
“Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha so‘nggi tadqiqotlarga ko‘ra, iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yengish uchun dunyoga 1 trillion dollar kerak”, - deydi Muhiddin.
Uning qo‘shimcha qilishicha, “bu maqsadlar uchun ilgari taklif qilingan 100 milliard dollar, birinchi navbatda, rivojlanayotgan mamlakatlar ehtiyojlarining atigi 10 foizini tashkil etadi”.
Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus elchisi uchta asosiy yo‘nalish – iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatish, o‘zgarishlarga moslashish va yo‘qotishlar va zararlarni qoplash tashabbuslari bo‘yicha dasturlarni amalga oshirishdan tashqari, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish COP-27 da ilgari surgan tabiiy ofatlardan erta ogohlantirish tashabbusi dunyoning eng zaif mintaqalarida “katta moliyalashtirishni talab qilishini” ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 6-noyabr kuni Misrning Sharm ash-Shayx shahrida BMTning iqlim bo‘yicha konferensiyasi boshlandi. 18-noyabrga qadar davom etadigan forum davomida COP-27 kun tartibiga oid yuzlab tadbirlar o‘tkaziladi.