“Kazbek” o‘zbek-belarus filmida bosh rolni o‘zbek aktori ijro etadi – tafsilotlar

"Kazbek" ko-produksiyasining qiymati 2 million dollar bo‘lib, bu mablag‘ “O‘zbekfilm” va “Belarusfilm” kinokompaniyalari tomonidan teng ulushlarda to‘lanadi.
Sputnik
TOShKENT, 12 noya — Sputnik. “Kazbek” o‘zbek-belarus filmini suratga olish ishlari boshlandi. "Kazbek" ko-produksiyasining qiymati 2 million dollar bo‘lib, bu mablag‘ “O‘zbekfilm” va “Belarusfilm” kinokompaniyalari tomonidan teng ulushlarda to‘lanadi, deya xabar berdi Kinematografiya agentligi.
Aytilishicha, Minskda bo‘lib o‘tayotgan “Listapad” kinofestivalida kinoaktor Ulug‘bek Qodirov bilan “Kazbek” o‘zbek-belarus filmida ishtirok etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
“Kazbek” o‘zbek-belarus filmi
Qodirov Mamadali Topivoldiyev-Kazbek obrazini ijro yetadi. Fashistlar uni “Osiyo arsloni” deb atagan.
Uch tomonlama shartnomani “O‘zbekfilm” kinokonserni direktori Bahodir Odilov, aktor Ulug‘bek Qodirov hamda “Belarusfilm” kinostudiyasi bosh direktori Vladimir Karachevskiy imzoladi.
Kartinani suratga olish ishlari shu yilning dekabr oyida boshlanishi rejalashtirilgan. Film rejissori Muhamad Ali Iskandarov.
“Filmda bosh rolni – Vatanimiz qahramoni, jasur o‘g‘lon Mamadali Topivoldiyev rolini o‘ynayotganimdan nihoyatda faxrlanaman. Bu men uchun katta sharaf va mas’uliyatdir. Ushbu rol mening 2-jahon urushi haqida olinayotgan filmdagi ilk ishtirokim, birinchi tajribam. Biroz hayajondaman. Rolga tayyorgarlikni allaqachon boshlaganman”, deydi Ulug‘bek Qodirov.
Aktorning aytishicha, u muntazam ravishda sport zaliga qatnab, jiddiy shug‘ullanmoqda. Chunki millat qahramoni qiyofasini ishonchli yaratish uning uchun juda muhim.
“Listapad” kinofestivalida ishtirok etayotgan O‘zbekiston Kinematografiya agentligi Bosh direktori Firdavs Abduxoliqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi va “Kazbek” filmini suratga olish rejalashtirilgan joylarda bo‘ldi. Film qahramonlariga mos kostumlar tanlashda ishtirok etdi.
“Shu yil sentabrda Samarqandda bo‘lib o‘tgan ShHTga a’zo davlatlar rahbarlarining sammitida o‘zbek va belarus kinoijodkorlari o‘rtasidagi hamkorlik masalalari ham muhokama qilingan edi. Shuni alohida ta’kidlab o‘tish joizki, biz birgalikda 3-yildan buyon samarali hamkorlik qildik. “Ilhaq”, “Muhabbat bahori” kabi filmlarni birgalikda suratga oldik, hozirda ikkita kinoloyiha – “Kazbek” va “Yakub Kolass”ni suratga olish ishlarini amalga oshirmoqdamiz”, deydi Firdavs Abduxoliqov.
Ma’lumot uchun, 7-11 noyabr kunlari Minskda Listapad kinofestivali bo‘lib o‘tdi. Unda Minsk va Mogilev shaharlarida o‘zbek kinosi kunlari tashkil etildi, joylardagi kinoteatrlarda “101 reys”, “Ayol qismati”, “Sevishganlar” kabi o‘zbek filmlari belaruslik tomoshabinlarga taqdim etildi.
Bundan tashqari, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80-yilligiga bag‘ishlangan loyihalar pitchingi bo‘lib o‘tdi. Unda Bahodir Umurzoqovning “Oyjamol” romani asosida ikki qismdan iborat “Hayosiz asr” kartinasi –ishg‘ol qilingan hududlardan evakuatsiya qilingan yuz minglab odamlarni qabul qilgan o‘zbek xalqining olijanobligi va saxovatliligi haqidagi film loyihasi taqdim etildi.
Kinofestival doirasida MDH Ijroiya qo‘mitasida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlar – Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston, O‘zbekiston kinematografiyasi bo‘yicha Ishchi guruhining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvda Ijodiy birlashma tarkibiga kirgan va boshqa bir qator davlatlar filmlarini taqdim etadigan yagona qo‘shma platforma yaratish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
“Kazbek” o‘zbek-belarus filmi
Ijodiy uyushmaning “Oltin to‘plami” filmlarini yig‘ishga ham kelishib olindi. Videoto‘plamni MDH davlatlari platformalarida tomosha qilish mumkin bo‘ladi.