O‘zbekiston Inson huquqlari markaziga OHIChK medali topshirildi

Mazkur yubiley medali Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash faoliyatida ko‘p tomonlama hamkorlikka o‘z hissasini qo‘shgan a’zo davlatlar vakillariga topshiriladi.
Sputnik
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Milliy markaziga “Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning 30-yilligi” medali topshirildi. Bu haqida “Dunyo” AA xabar berdi.
Mazkur yubiley medalini Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning (OHIChK) 30-yilligini keng nishonlash doirasida Kengash faoliyatida ko‘p tomonlama hamkorlikka o‘z hissasini qo‘shgan a’zo davlatlar vakillariga topshirilishi ko‘zda tutilgan.
Milliy markazi direktori Akmal Saidovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston 2020-yildan boshlab OHIChKning insoniylik mezonlari bo‘yicha koordinatori hisoblanadi.
Insoniylik mezonlari sohasida umumiy muvofiqlashtirishni amalga oshirish Milliy markaz zimmasiga yuklatilgan.
Markaz bilan hamkorlik doirasida quyidagi hujjatlar ishlab chiqilgan:
OHIChKning insoniylik me’zonlari bo‘yicha ishonchni mustahkamlash chora-tadbirlarini amalga oshirish bo‘yicha Harakatlar rejasi (2021-2023 yillar);
Insoniylik mezonlari sohasida Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengashning ishonch choralarini amalga oshirish konsepsiyasi.
Ma’lumot uchun, OHIChK Osiyoda tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha xalqaro forumdir. Unga 28ta mamlakat xususan, MDH mamlakatlari, Afg‘oniston, Xitoy, Eron, Hindiston, Pokiston, Quvayt, Turkiya kabi mamlakatlar a’zo.