TOShKENT, 11 noya — Sputnik. 11 noyabr — O‘zbekistonda "Umumxalq bayrami" sifatida dam olish kuni deb e’lon qilinishi mumkin. Bu haqida O‘zA xabar berdi.
Aytilishicha, prezident Shavkat Mirziyoyev kasaba uyushmalari xodimlari kuni munosabati bilan tabrik yo‘lladi.
Tabrikda davlat rahbari 11-noyabr — O‘zbekiston kasaba uyushmalari kunini "Umumxalq bayrami" sifatida dam olish kuni deb e’lon qilish to‘g‘risida taklif bildirdi.
Ma’lumot uchun, 2020-yili prezidentning O‘RQ-648-sonli qonuni bilan, 11-noyabr “Kasaba uyushmalari kuni” etib belgilangan.
Hozirgi kunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi 14 ta tarmoq kasaba uyushmalari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, 12 ta viloyat, Toshkent shahar kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmalarini, 6,1 mln dan ortiq kasaba uyushmalari a’zolarini birlashtiradi.
2022 yilning o‘n oyi davomida kasaba uyushma tashkilotlari tomonidan yuridik va jismoniy shaxslarning 4,5 mingga yaqin murojaati ko‘rib chiqildi.
Kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda jami 143 mingdan ziyod dam oluvchilar sog‘lomlashtirilib, ulardan 62 ming 405 nafari imtiyozli va 4 554 nafari bepul yo‘llanmalar asosida o‘z salomatliklarini tiklashdi.
Shuningdek, yoz mavsumida jami 1 ming 801 ta oromgohlar faoliyat ko‘rsatdi va ularda 402 ming 399 nafar bola sog‘lomlashtirildi.