TOShKENT, 10 noya — Sputnik. 2023 yil 1-yanvardan chet davlat fuqarolariga ular tomonidan O‘zbekiston hududidagi chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni sotib olishda to‘langan QQS summasini qaytarish – “tax free” tizimi tajriba tariqasida joriy etiladi. Bu Vazirlar Mahkamasining 8-noyabr kuni qabul qilingan tegishli qarorida belgilandi, deb xabar qildi Davlat soliq qo‘mitasi.
“Tax free” respublikaning barcha hududlaridagi chakana savdo obyektlarida qaror bilan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilgan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda umumiy qiymati kamida 1 mln so‘m bo‘lgan “tax free” tizimi tatbiq etiladigan tovarlarni xarid qilish lozim.
Buning uchun chet davlat fuqarosi “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tishi va xaridlari bo‘yicha taqdim etilgan onlayn-NKT fiskal cheklarini skanerlashi kifoya.
“Tax free” summasini hisoblash, uni chet davlat fuqarosining bank plastik kartasiga yoki bank hisobvarag‘iga o‘tkazib berish tizim operatori “Soliq-servis” DUK tomonidan amalga oshiriladi. Ushbu jarayonlarni “Soliq” mobil ilovasida onlayn vaqt rejimida kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Chet davlat fuqarolari O‘zbekiston hududini Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch xalqaro aeroportlari orqali tark etganda tizim operatoriga murojaat qilgan holda mahsulot xarid qilgan paytdan boshlab 3 oy ichida QQS summasini qaytarishni rasmiylashtirishlari mumkin bo‘ladi.
“Tax free” summasi chet davlat fuqarosining respublika hududidan chiqib ketish holati tasdiqlangan so‘ng, xarid amalga oshirilgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin qaytariladi.