Samarqand viloyatida ikkita yangi buyurtma qo‘riqxona tashkil etiladi

Qo‘shrabot va Nurobod tumanida ikkita yangi buyurtma qo‘riqxona paydo bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Samarqand viloyatida “Fozilmon” hamda “Cho‘nqaymish” davlat muhofaza etiladigan buyurtma qo‘riqxonalarini tashkil etish rejalashtirilyapti. O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi hukumatning tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Viloyatning Qo‘shrabot tumanida 24000 gektar bo‘lgan “Fozilmon” va Nurobod tumanida 4600 gektar bo‘lgan “Cho‘nqaymish” davlat muassasasi shaklida buyurtma qo‘riqxonalari tashkil etilishi kutilyapti.
Qo‘riqxonalar O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasining tuzilmasiga kiradi. Ular hududidagi tabiiy majmualar va landshaftlar, shu jumladan, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan o‘simlik va hayvonot turlari muhofazaga olinadigan asosiy obyektlar hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasi tashkil etilishi xabar qilingan edi.