TOShKENT, 10 noya - Sputnik. Asosiy maqsad quruqlik va dengiz portlarimizni jahon bozorlari bilan mustahkam bog‘laydigan yagona transport makonini yaratishdir. Bu haqda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Samarqanddagi Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining majlisida ta’kidladi, deb xabar bermoqda Sputnik muxbiri.
“Biz birgalikda Transkaspiy xalqaro transport yo‘nalishini kelajakda Tashkilot mamlakatlarini yagona transport tizimiga integratsiya qilish platformasiga aylantira olamiz”, - dedi vazir.
Ta’kidlanishicha, tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasida savdoni osonlashtirish strategiyasi tasdiqlandi, Soddalashtirilgan bojxona yo‘lagini shakllantirish to‘g‘risidagi bitim imzolandi.
“Yevroosiyoda yuzaga kelayotgan yangi geoiqtisodiy vaziyat biz uchun Yevroosiyoning strategik yo‘laklarini bog‘laydigan mintaqamizni global qiymat zanjiridagi qudratli transport-logistika bo‘g‘iniga aylantirish uchun juda qulay istiqbollarni ochmoqda”, - dedi Norov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlarning yetakchi sanoat korxonalari, investitsiya kompaniyalari, bank-moliya institutlari va tadbirkorlari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini mustahkamlash, samarali mintaqaviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yish zarur.
“Bizning oldimizda hududlararo savdo sohasida jiddiy ishlarni amalga oshirish vazifasi turibdi”, deydi Norov.
Qayd etilishicha, yuklarni tashish imkoniyatlarini oshirish, vaqt va xarajatlarni qisqartirish, ushbu yo‘nalishning transport-logistika tizimini raqamlashtirish, shuningdek, bojxona va transport qonunchiligini sinxronlashtirishga qaratilgan qo‘shma chora-tadbirlar kompleksining amalga oshirilishi mamlakatlarni ushbu maqsadga yanada yaqinlashtiradi.
“Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston, Termiz-Mozori-Sharif-Kobul-Peshovar yo‘nalishlari bo‘ylab temir yo‘l qurilishi va boshqa loyihalarning amalga oshirilishi umumiy turkiy transport makonining jozibadorligini oshirishi shubhasiz”, - deb ta’kidladi Norov.
Ma’lumot uchun, majlisda O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov, tashkilot bosh kotibi Bag‘dod Amreyev, shuningdek, Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Turkiya, Vengriya va Turkmaniston TIV rahbarlari ishtirok etmoqda.
Samarqandda, shuningdek 10-11 noyabr kunlari Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar rahbarlarining uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi.