Italiya Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatdi

mudofaa vaziri Guido Krozetto muzokaralarni mojaroni hal qilishning yagona to‘g‘ri yechimi deb atagan.
Sputnik
TOShKENT, 10 noya — Sputnik. Italiya Ukrainaga yetkazib berish uchun yangi qurol-yarog‘ tayyorlamayapti. Bu haqda mamlakat mudofaa vaziri Guido Krozetto ma’lum qildi.

“Biz oltinchi paketni tayyorlamayapmiz va Ukrainaga raketalar yetkazib berish haqida gapirmayapmiz. Kelajakda NATO va Yevropa Ittifoqi doirasida Ukrainaga keyingi harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi buyruq bo‘lishini istisno qilmayman, ammo hozircha biz avvalgi hukumat va’da qilgan qurol-yarog‘larni yetkazib berishni yakunlayapmiz”, - dedi u.

Krozetto harbiy yordam parlamentdagi ko‘pchilik tomonidan ma’qullangan rezolyutsiya doirasida amalga oshirilayotganini eslatdi.
“Bizda 31-dekabrgacha harbiy ta’minot bo‘yicha qaror qabul qilish imkonini beruvchi asos bor”, dedi mudofaa vaziri.
Biroq u rasmiylar yondashuvni qayta ko‘rib chiqishi mumkinligini istisno etmadi. Krozetto muzokaralarni mojaroni hal qilishning yagona to‘g‘ri yechimi deb atadi.

“Men mojaro boshidanoq tomonlar o‘rtasida muloqot zarurligi haqida gapirdim. Urushni to‘xtatish, muzokaralar stoliga o‘tirish va tinchlikka erishish kerak”, - deya xulosa qildi vazir.

Italiya noyabr oyi o‘rtalarida Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yangi farmon qabul qilishi mumkin, deb yozadi “la Repubblica” gazetasi. “Il Messaggero” esa hukumat manbalariga tayanib, Rim oltinchi yordam paketini muzlatib qo‘yganini aytdi.
Rossiya Kiyev rejimiga qurol yetkazib berishda ishtirok etgan barcha davlatlarga diplomatik nota yuborgan.
Rossiya 24-fevraldan buyon denatsifikatsiya va demilitarizatsiya maqsadida Ukrainada maxsus harbiy operatsiya olib bormoqda. Vladimir Putin uning asosiy vazifasi sifatida “Kiyev rejimi tomonidan sakkiz yil davomida xo‘rlashlar, genotsidlarga uchragan odamlarni himoya qilish” deb atagan. Qurolli Kuchlar oldida Donbassni ozod qilish va Rossiya xavfsizligini kafolatlash turibdi.