TOShKENT, 9 noya - Sputnik. 2022 yilning 9 oyi davomida Toshkentga 1 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Bu haqida Toshkent shahar hokimligining Turizm va madaniy me’ros bo‘yicha matbuot kotibi Alisher Mirzajalilov ma’lum qildi.
Poytaxtga tashrif buyurgan 1, 040 mln.nafar turistlarning 575,4 ming nafari mahalliy sayyohlar bo‘lsa, qolgan 464,8 mingi – xorijiy sayyohlardir. Xorijiy sayyohlar orasida eng ko‘p mehmon Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Turkiyadan kelgan.
Xorijiy sayyohlarga ko‘rsatilgan xizmatlar miqdori ham o‘tgan yilga nisbatan ikki baravar oshgan. Xususan 2021yilning mos davrida ushbu ko‘rsatgich $ 113,3 mln.ni tashkil qilgan bo‘lsa, bu yilda – $226,8 mln.ga yetgan.
Toshkentda, shuningdek, turizm infratuzilmasi ham jadal rivojlanib bormoqda. Ushbu yilning 9 oyi davomida poytaxtda 45ta yangi mehmonxona, 69ta xostel, 20ta oilaviy mehmon uylari ishga tushdi. Shu tariqa Toshkentda mehmonxonalar umumiy soni 681taga, xonalar soni 15 976ta va yotoq o‘rinlar soni 34 272 taga yetdi.
Undan tashqari shaharda turistik yo‘llar infratuzilmasi ham yaxshilanmoqda. Jumladan 300ga yaqin turistik yo‘l ko‘rsatgichlar o‘rnatildi, 3000 ta nuqtada bepul Wi-Fi aloqasi tashkil etildi.
Shuningdek, Toshkentda turizm va gastronomik ko‘chalar ham tashkil etilmoqda. Ayni damda Shayxontoxur tumanining Abdulla Qodiriy ko‘chasida turistik piyodalar ko‘chasi tashkil etish maqsadida qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.