TOShKENT, 9 noya - Sputnik. Kecha, 8-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Qozog‘iston Respublikasining Favqulodda va Muxtor elchisi etib tayinlangan Beybut Atamqulovni qabul qildi. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar berdi.
Uchrashuv elchining vazirga ishonch yorliqlari nusxalarini topshirish marosimi bilan boshlandi. Vazir elchini lavozimga kirishishi bilan tabriklab, kasbiy faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
O‘zbekiston va Qozog‘istonning madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga intilishi alohida ta’kidlandi. Shu nuqtayi nazardan, joriy yilning noyabr oyida o‘tkaziladigan “Qozog‘istonda O‘zbekiston madaniyati kunlari”ga tayyorgarlik ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Ikki mamlakat hududlari o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va mustahkamlash muhimligi qayd etildi. Xalqaro tashkilotlar doirasidagi hamkorlikni davom ettirishga kelishib olindi.
Shuningdek, o‘zaro tovar ayirboshlashning jadal o‘sib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Tomonlar o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish, sanoat, energetika, transport-logistika, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalarda investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlar ko‘rishga tayyor ekani ma’lum qilindi.
“Oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi. Rejalashtirilgan tashriflar va qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish, shuningdek, Qozog‘iston delegatsiyasining Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti, Samarqandda bo‘lib o‘tadigan Markaziy Osiyo va Yevropa Ittifoqi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi hamda “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” o‘zaro bog‘liqlik konferensiyasida ishtirok etishi yuzasidan fikr almashildi”, - deyiladi vazirlik xabarida.
Eslatib o‘tamiz, Beybut Atamqulov joriy yilning 31-oktabr kuni Qozog‘istonning O‘zbekistondagi yangi elchisi etib tayinlangan edi.
Beybut Atamkulov 1964-yil 19-may kuni Olmaota viloyatida tug‘ilgan. V.Lenin nomidagi Qozog‘iston politexnika instituti, Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot va moliya universitetini tamomlagan. Iqtisod fanlari nomzodi.
2006 yildan buyon Qozog‘iston TIV tizimida ishlab keladi. 2010-2012 yillarda Qozog‘istonning Malayziyadagi elchisi bo‘lgan. Shuningdek, u Janubiy Qozog‘iston viloyati hokimi, Qozog‘iston sanoat mudofaasi vaa aerokosmik vazirligi rahbari bo‘lgan.
2018-2019 yillarda Qozog‘iston TIV vaziri lavozimini egallagan. 2019-yildan buyon Qozog‘iston sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vaziri sifatida ishlab kelayotgan edi.