TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Saudiya Arabistoni hukumati bir martalik vizaning amal qilish muddatini bir oydan uch oygacha uzaytirdi. Bu haqda “Saudi Gazette” xabar bermoqda.
Podshohlik Vazirlar mahkamasi qarorida keltirilishicha, “90 kun muddatli bir martalik vizani endi Saudiya Arabistoniga har qanday maqsad bilan kelayotgan xorijlik sayohatchilar olishlari mumkin”. Ilgari mamlakatda ko‘p martali vizaga ega bo‘lganlargina 3 oygacha qolishlari mumkin edi.
Bundan tashqari, tranzit vizalariga oid qoidalarga tuzatish kiritilgan. Yangi tartibga ko‘ra, bunday vizaga ega bo‘lganlar Arabistonda hech qanday qo‘shimcha boj to‘lamasdan 96 soatgacha bo‘lishlari mumkin. Tranzit hujjatlari uch oy amal qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston fuqarolari uchun yillik haj kvotasini 24 ming nafargacha, umra kvotasini esa 100 ming nafargacha oshirish yuzasidan kelishuvga erishilgani xabar qilingan edi.