O‘zbekiston Rossiya hududlarining innovatsion rivojlanish tajribasini o‘rganadi

Innovatsion rivojlanish vazirligi "Assotsiatsiya innovatsionnix regionov Rossii” delegatsiyasi bilan yuqori texnologiya loyihalari bo‘yicha muzokara o‘tkazdi.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. O‘zbekistondagi innovatsiyalar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlari Rossiya innovatsion hududlari assotsiatsiyasi tajribasini o‘rganadi. Bu haqida Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar berdi.
Vazirlik vakillari “Assotsiatsiya innovatsionnix regionov Rossii” delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifi doirasida ikki tomonlama yuqori texnologiya loyihalari bo‘yicha muzokara olib borishdi. Unda assotsiatsiyaga a’zo 9 ta mintaqa, shuningdek, hududiy kompaniyalar vakillari ishtirok etdi.
Delegatsiyasi vakillari innovatsion hududlarni rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston tomoni Novosibirsk viloyati fan va innovatsion siyosat vaziri Vadim Vasilyevning innovatsion kompaniyalarni mintaqaviy qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi taqdimotiga alohida qiziqish bildirdi.
Vadim Vasilyev o‘z so‘zida “Texnoprom” texnologik rivojlanish bo‘yicha xalqaro forum haqida gapirar ekan, uning asosiy maqsadi mahalliy ilmiy ishlanmalar va innovatsiyalarni ilgari surishdan iborat ekanini qayd etib o‘tdi.
Innovatsion rivojlanish vaziri o‘rinbosari Shahlo Turdiqulova, o‘z navbatida, mazkur forumda Innovatsion rivojlanish vazirligining ham ishtirok etishi zarurligini ta’kidladi.

“Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekistonning 28ta tumanidagi innovatsiyalar bo‘yicha hokim o‘rinbosarlarini Rossiyaga yuborish masalasini ishlab chiqishga kelishib olishdi. Ular Rossiya innovatsion hududlari assotsiatsiyasi tajribasini o‘rganishadi”, - deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, Rossiya innovatsion hududlari Assotsiatsiyasi 2010-yil Tomsk shahrida “Innovus” XIII innovatsion forumi doirasida tashkil etilgan.
Bugungi kunda uyushmaga 18 ta a’zo mintaqa kiradi: Boshqirdiston Respublikasi, Mordoviya Respublikasi, Tatariston Respublikasi, Oltoy o‘lkasi, Krasnoyarsk o‘lkasi, Perm o‘lkasi, Irkutsk viloyati, Kaluga viloyati, Lipetsk viloyati, Novosibirsk viloyati, Samara viloyati, Tomsk viloyati, Tumen viloyati, Ulyanovsk viloyati, Novgorod viloyati, Saxa Respublikasi (Yakutiya), Nijniy Novgorod viloyati va XMAO-Yugra.