TOShKENT, 9 noya — Sputnik. "O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30-yilligi" esdalik nishoni ta’sis etildi. Bu bo‘yicha prezidentning PF–243-sonli farmoni imzolandi.
Nishon bilan O‘zbekiston mustaqilligini mustahkamlash, uning iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy, ilmiy, ma’naviy salohiyatini yuksaltirish, mudofaa qudratini oshirish, davlat sarhadlarining daxlsizligini ta’minlash, tinchlik va barqarorlikni, millatlararo do‘stlik va totuvlikni asrash kabi sharafli vazifalarni amalga oshirib kelayotgan barcha soha vakillari mukofotlanishi mumkin.
"O‘zbekiston Konstitutsiyasining 30-yilligi" esdalik nishoni bilan O‘zbekiston fuqarosi bo‘lmagan shaxslar ham taqdirlanishi mumkin.
Esdalik nishoni 0,25 mikron qalinlikda oltin bilan qoplangan mis qotishmasidan tayyorlanadi va diametri 34 millimetrli doira shaklida bo‘ladi.