TOShKENT, 9 noya — Sputnik. 7 noyabrdan akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida jigar transplantatsiyasi bo‘yicha bepul tibbiy ko‘riklar boshlandi.
O‘zbekistonda va xorijda jigar transplantatsiyasi bajarilgan bemorlar, shu jumladan, bolalar bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Barcha maslahat va tekshiruvlar tajribali shifkorlar ko‘rigi asosida tashkil etiladi. O‘zbekistondan tibbiyot fanlari doktori, professorlar Mirshavkat Akbarov, A’zam Bobojonov, Rossiyadan tibbiyot fanlari nomzodi, jarroh transplantologlar Timur Djanbekov, Konstanti Smesh malakali ko‘riklarni o‘tkazishmoqda.
“Hozircha 4 kun ichida 30 dan ortiq bemorlar tekshirildi va aniq tashxislar qo‘yilib, tibbiy maslahatlar berildi. Jarayonga rossiyalik mutaxassislarning jalb qilingani bizga ancha samara bermoqda. Chunki o‘zaro hamkorlikda tajriba almashish ham yo‘lga qo‘yilgan”, - dedi Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori Saydimurod Ismoilov Sputnik muxbiri bilan suhbatda.
Tibbiy ko‘rikka kelgan har bir bemordan shaxsiy varaqasida mavjud bo‘lgan tibbiy hujjatlar: kasallik tarixidan ko‘chirma, tekshiruvlar, elektron vositalar, shu jumladan CD-disklar olib kelishi kerak. Bemor qorni och holatda (ovqatlanmagan) bo‘lishi talab etiladi.
Jigar bilan bog‘liq sirroz va boshqa terminal kasalliklarni davolash butunjahon tibbiyotida katta tajriba talab etadi. O‘zbekistonning mintaqaviy patologiyasi sifatida jigar bilan bog‘liq xastaliklar ko‘p uchraydi. Uni davolashning samarali usuli transplantatsiya sanaladi.
“O‘zaro tajriba almashish uchun markaz mutaxassislari Rossiya akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantatsiya va sun’iy organlar markazida muntazam ravishda amaliyot o‘taydilar. Shu bilan birga, Belarus bilan hamkorlikda Minsk jarrohlik va transplantatsiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazida (GU “Minskiy nauchno-prakticheskiy sentr xirurgii, transplantologii gematologii”) ham o‘quv kurslarida ishtirok etishgan”, - deydi Ismoilov.
Jigar transplantatsiyasi bilan bog‘liq bepul maslahat va tekshiruvlar 12-noyabrga qadar davom etadi.
Tibbiy ko‘riklarga quyidagi havolada keltirilgan telefon raqamlari yordamida yozilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda jigar transplantatsiyasi dasturini rivojlantirishning yangi bosqichi akademik V. Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi va Rossiyaning akademik V.I. Shumakov nomidagi transplantologiya va sun’iy organlar milliy tibbiyot ilmiy markazi o‘rtasida memorandum imzolanishi bilan boshlangan.
O‘tgan yili Vohidov markazining malakali mutaxassislari ortotopik jigar transplantatsiyasi operatsiyasini ilk bor mustaqil ravishda amalga oshirishgan edi.