Investitsiya loyihalariga sarmoya kiritganlar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xorijliklarga O‘zbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berishni taklif qilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 9 noya — Sputnik. Investitsiya loyihalariga sarmoya kiritgan xorijliklar O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilinishi mumkin. Bu bo‘yicha Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan qonun loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Qonun loyihasida katta hajmda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritgan xorijiy sarmoyadorlarga O‘zbekiston fuqaroligini soddalashtirilgan tartibda berish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekiston fuqaroligiga qabul qilishning soddalashtirilgan tartibi chet davlat fuqarosi bo‘lgan yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan mamlakatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalariga kamida 1 mln dollar ekvivalentida sarmoya kiritgan jismoniy shaxsga yoxud taniqli olim, sportchi, madaniyat va san’at arbobiga nisbatan tadbiq etiladi.
Qonunda taklif etilayotgan yangi norma davlatning investitsiyaviy jozibadorligi oshirishga, respublika investitsiya muhitida bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarga xalqaro ishbilarmonlar hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishga va xalqaro maydonda mamlakat nufuzini oshirishga xizmat qiladi.