Turkiya Rossiya gazini qisman rublda to‘lashga o‘tdi

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Anqara va Moskva milliy valyutalarda savdo qilish bo‘yicha texnik ishlarni olib bormoqda.
Sputnik
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Turkiya Rossiya gazi uchun to‘lovni qisman rublda to‘lashga o‘tdi. Bu haqda Turkiya Energetika vaziri Fotih Do‘nmez ma’lum qildi.

“Ma’lumki, kelishuvga erishilgan, qisman to‘lash boshlanib bo‘ldi. Biz bu yo‘nalishdagi ishimizni faollashtirish niyatidamiz”, - dedi rasmiy TRT Haber telekanaliga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara va Moskva milliy valyutalarda savdo qilish bo‘yicha texnik ishlarni olib bormoqda.
Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdog‘an sentabr oyida Turkiya gaz yetkazib berishning 25 foizini rublda to‘lashi haqida kelishib olgan edi. 12-oktabr kuni esa Rossiya energetika haftaligida nutq so‘zlagan Putin “Shimoliy oqim”dan tranzitni Qora dengiz mintaqasiga yo‘naltirishni va Yevropaga yetkazib berish uchun Turkiyada eng yirik gaz markazini yaratishni taklif qildi. Erdog‘an, o‘z navbatida, bu g‘oya ustida ishlashni tezda boshlash haqida ko‘rsatma berganini aytdi.