TOShKENT, 8 noya - Sputnik. Turkiya Rossiya donini ehtiyojmand davlatlarga un qilib yetkazib beradi. Bu haqda Turkiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Vaxit Kirishji Vazirlar Mahkamasi yig‘ilishidan so‘ng Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, don uchinchi davlatga jo‘natilishi oldidan Turkiyada qayta ishlanadi. Buning uchun Turkiyada yetarli infratuzilma bor.
“Bizda, masalan, don mahsulotlaridan un, makaron va bulg‘or ishlab chiqarish uchun imkoniyat mavjud. Turkiya bo‘sh turgan sanoat quvvatlaridan foydalanish niyatida. Rossiyadan olib kelingan bepul bug‘doy zavodlarimizda qayta ishlagandan so‘ng, ehtiyojmand davlatlarga jo‘natiladi. Maqsadimiz ularga bug‘doyni bulg‘or, un sifatida tekinga yetkazib berish”, - dedi vazir.
O‘z navbatida Turkiya tashqi ishlar vaziri Mevlut Chavusho‘g‘li tomonlarda noroziliklar bo‘lmasa, mavjud don kelishuvini uzaytirish uchun hech qanday alohida hujjat imzolashga zarurat yo‘qligini ta’kidladi.
“Istanbul memorandumining amal qilish muddati – to‘rt oy. Agar tomonlarning e’tirozlari bo‘lmasa, amal qilish muddati uzaytiriladi. Yangi shartnoma tuzishga hojat yo‘q. Rossiya o‘g‘itlarini eksport qilish masalasi erishilgan kelishuvning bir qismidir. Rossiya tomoni bu boradagi ayrim talablari bajarilmaganidan xavotirda. Hozirda ushbu xavotirlarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda”, - deydi Chavusho‘g‘li.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, hozir shartnomaning Rossiyaga aloqador qismi bo‘yicha faol muzokaralar jarayoni boshlangan. Xususan, BMT Bosh kotibi Rossiya don va o‘g‘itlarini eksport qilish yo‘lidagi qolgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha muzokaralar olib bormoqda.
“Biz Rossiyaning bu boradagi kutilmalarini qanoatlantirishga qaratilgan ishlarni muvofiqlashtirmoqdamiz”, - deydi diplomatik idora rahbari.
Eslatib o‘tamiz, 4-noyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an Rossiya don mahsulotlarini kambag‘al davlatlarga bepul yetkazib berish to‘g‘risida kelishuvga erishgan edi.
Don mahsulotlari bo‘yicha dastlabki kelishuv esa 22-iyul kuni Istanbulda Rossiya, Ukraina, Turkiya va BMT vakillari ishtirokida erishilgan edi. Unga ko‘ra Ukraina va Rossiya omoborlarida saqlanayotgan va harbiy harakatlar tufayli Qora dengiz orqali olib chiqishning imkoni bo‘lmagan don mahsulotlarini birinchi navbatda Afrikaning ehtiyojmand davlatlariga yetkazib berish haqida kelishib olingan edi. Ushbu shartnoma don mahsulotlarini Qora dengizning uchta portdan, jumladan Odessadan olib chiqishni nazarda tutadi.
Yaxshi niyatda amalga oshirilgan ushbu bitimdan Ukraina maxsus xizmatlari o‘zlarining g‘arazli maqsadlarida foydalanishdan toymadi. Xususan Qrim ko‘prigida terakt uyushtirishda foydalanilgan portlovchi moslama Odessa portidan don solingan kemalarda olib chiqilgani va Bolgariya hamda Armaniston orqali Rossiyaga olib kirilgani aniqlangan.
Shuningdek, 29-oktabr kuni Kiyev rejimi Sevastopolda rus kemalariga terakt uyushtirganidan so‘ng, Rossiya don bitimidagi ishtirokini to‘xtatdi, biroq Turkiya bilan muzokaralar olib borgach va Ukrainadan yozma kafolatlar olgach, kelishuvga qaytdi.
Undan tashqari, Putin agar Kiyev o‘z majburiyatlarini qayta buzsa, Rossiya shartnomadan chiqishini ta’kidladi. Ammo bu holatda ham u Afrikaning eng qashshoq mamlakatlariga Ukrainadan jo‘natilgan donning butun hajmini yetkazib berishga tayyorligini alohida ta’kidlab o‘tdi.