TOShKENT, 8 noya — Sputnik. O‘zbekistonda suv va salqin ichimliklarni bosqichma-bosqich raqamli markirovkalash joriy etiladi. 1-noyabr kuni Hukumatning tegishli qarori qabul qilindi.
Hujjat 2023-2024 yillarda identifikatsiya vositalaridan foydalangan holda majburiy raqamli markirovkalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etishni nazarda tutadi.
Qarorga muvofiq majburiy raqamli markirovkalashni boshlash muddati va mahsulot turlari guruhlar bo‘yicha belgilandi:
birinchi guruh – achitilmagan va tarkibiga spirt qo‘shilmagan, shakar yoki boshqa shirinlik qo‘shilgan yoki qo‘shilmagan meva sharbatlari (uzum shirasi mustasno) va sabzavot sharbatlari, shuningdek, gazlangan hamda gazlanmagan suv va ichimliklar – 2023-yil 1-iyuldan boshlab;
ikkinchi guruh – metall, shu jumladan, alyumin idishdagi suv va salqin ichimliklar – 2024-yil 1-avgustdan boshlab.
Operator tegishli buyurtma asosida mahsulot ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarga markalash kodlarini taqdim etadi.
Ta’kidlanishicha, hajmi 0,5 litr yoki undan kam bo‘lgan gazsiz suvlarni majburiy va raqamli markirovkalash kodlari operator tomonidan bepul taqdim etiladi.
2023 yil 1-iyuldan boshlab suv va alkogolsiz ichimliklar import qiluvchilar import qilinadigan mahsulotlarning jamlangan kodini yuk bojxona deklaratsiyasida aks ettirishi shart.
Ma’lumot uchun, O‘zbekistonda 2019-yil avgust oyida mahsulotlarni markalash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish tasdiqlangan. Loyiha operatori sifatida “CRPT Turon” MChJ tanlangan edi.
Uning asoschisi, qaror matnida ko‘rsatilganidek, Rossiyadagi markirovkalash tizimining operatori — Ilg‘or texnologiyalarni rivojlantirish markazi (CRPT). Asosiy egasi USM Alisher Usmonov (50 foizi), yana 25 foiz ulush Rossiya davlat korporatsiyasi Rostec va Almaz Capital boshqaruvchi hamkori Aleksandr Galiskiyga tegishli.
Hukumatning 2020-yil 20-noyabrdagi qarori bilan "Asl belgisi" mahsulotlarni markirovkalash va kuzatib borish milliy axborot tizimi joriy etilgan.