Davlat xizmatchisi tadbirlarda olishi mumkin bo‘lgan sovg‘alar qiymati belgilanmoqda

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibini belgilovchi nizom loyihasini ishlab chiqdi.
Sputnik
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. O‘zbekistonda davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati, shuningdek uni tasarruf etish tartibi belgilanmoqda. Bu bo‘yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan ishlab chiqilgan nizom loyihasi muhokamaga qo‘yildi.
Hujjatga ko‘ra, xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlar munosabati bilan olinishi mumkin bo‘lgan sovg‘a qiymati bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Taqdim etilgan sovg‘aning miqdori belgilangan miqdordan oshsa, oshgan qismi davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan davlat tashkilotiga to‘lash orqali sovg‘ani tasarruf etishi mumkin.
Taqdim etilgan sovg‘a mehmon (mezbon) tomonning ramzlari va logotipi tushirilgan esdalik sovg‘alar qiymati uchun miqdor belgilanmaydi va bunday sovg‘alar baholanmaydi.
Hujjat qabul qilinsa, davlat fuqarolik xizmatchisi tomonidan xizmat safarlari, xalqaro va boshqa rasmiy tadbirlarda sovg‘a taqdim etilishini talab qilish, so‘rash yoki sovg‘a berishga majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, naqd yoki naqdsiz pul, qimmatli qog‘ozlar, kripto valyuta, barcha turdagi o‘qotar va sovuq qurollar, o‘q-dorilar, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop moddalar, kuchli ta’sir etuvchi preparatlar, pornografik va diniy ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan nashr hamda materiallarni sovg‘a sifatida qabul qilish yoki taqdim etish taqiqlanadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisi sovg‘ani qabul qilishi, xususan, diplomatik nutq yoki muloqot jarayonida sovg‘ani topshiruvchidan sovg‘aning qiymatini yoki qiymatini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashi mumkin.
Agar buning imkoni bo‘lmasa sovg‘ani qabul qilib olishi, lekin tadbirdan so‘ng sovg‘aning qiymatini aniqlash va baholash uchun davlat organiga ekspertizaga topshirishini, agar sovg‘aning qiymati ruxsat etilgan miqdordan oshgan taqdirda davlat organi tasarrufiga o‘tkazilishini ma’lum qiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prezident imzolagan qonun bilan davlat xizmatchilariga qator talablar qo‘yildi. Unga ko‘ra, davlat xizmatchisi tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ularning muassisi bo‘lishi, O‘zbekistondan tashqarida hisobvaraqlar ochishi, chet elda ko‘chmas mulk olishi taqiqlandi. Davlat xizmachisi daromadlari va mol-mulki to‘g‘risida deklaratsiya berishi kerak.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda 5-yil ichida yoshlarning davlat xizmatida ishlashi 37 foizdan 61 foizgacha oshdi.