TOShKENT, 8 noya — Sputnik. Buyuk Britaniyaning eng yirik supermarketlari taqchillik tufayli tuxum sotishni cheklashi mumkin. Bu haqda “Sun” gazetasi xabar berdi.
Tovar taqchilligiga sabab parranda grippining navbatdagi tarqalishi va yoz jaziramasida millionlab tovuqlarning nobud bo‘lishi bo‘lgan. Bundan tashqari, Ukrainadagi mojaro boshlanganidan keyin daromadning pasayishi tufayli ko‘plab fermerlar sanoatni tark etmoqda.
Sotuvchilar Polshadan tuxum import qilishni boshlash imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu qo‘shimcha transport xarajatlari hisobiga mahsulot narxining oshishiga olib kelishi kutilmoqda.
Buyuk Britaniya bu yozda jazirama to‘lqinni boshdan kechirdi. 19-iyul kuni havo harorati avvalgi rekord +38,7 darajani yangiladi va +40,3 darajaga yetdi.
Oktabr oyida Buyuk Britaniya Milliy statistika burosi tuxum narxi o‘tgan yilga nisbatan 23,2 foizga oshganini ko‘rsatadigan ma’lumotlarni e’lon qildi.
Kantar konsalting kompaniyasi tadqiqotiga ko‘ra, Buyuk Britaniyada oziq-ovqat inflyatsiyasi rekord darajadagi 14,7 foizga yetgan.
Rossiya maxsus harbiy operatsiyasi boshlanganidan so‘ng G‘arb Moskvaga nisbatan sanksiyalar bosimini kuchaytirdi. Yetkazib berish zanjirlarining uzilishi Yevropa va AQShda yoqilg‘i va oziq-ovqat narxlarining oshishiga olib keldi. Buyuk Britaniyada yashash narxining oshishi millionlab uy xo‘jaliklariga ta’sir qildi.