Bolalarni tarbiyalash – bu millatni tarbiyalash: Toshkentda YuNESKO konferensiyasi o‘tkaziladi

“Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusida II Butunjahon konferensiyasining asosiy maqsadi ham tizim bola tarbiyasi va unga ta’lim berish tizimini yanada rivojlantirishdan iborat bo‘ladi.
Sputnik
TOShKENT, 8 noya — Sputnik. O‘zbekistonda ilk bor 14-16 noyabr kunlari UNESCO ning “Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta’lim berish” mavzusida II Butunjahon konferensiyasi (World Conference on Early Childhood Care and Education”) o‘tkaziladi.
Bu yilgi konferensiyada jami 200 ga yaqin xorijiy mamlakatlar ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiyaning eng katta tadbirlaridan biri bu “Toshkent deklaratsiyasi”ning imzolanishi bo‘ladi. Unga ko‘ra, respublikaning maktabgacha ta’lim tizimida mutlaqo yangi formatdagi asosiy dastur konsepsiyasi qabul qilinadi.

“Erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash bu millatni tarbiyalash degani. Bolalardagi dunyoqarashni o‘stirish orqali ularning qobiliyatlarini rivojlantirish ijobiy natija beradi. Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiyaning asosiy maqsadi ham tizim bola tarbiyasi va unga ta’lim berish tizimini yanada rivojlantirishdan iborat”, - deydi Maktabgacha ta’lim vazirligi axborot xizmati rahbari Mavluda Asqarxo‘jayeva Sputnik muxbiri bilan suhbatda.

16 noyabr kuni Toshkentdagi Hilton mehmonxonasida UNESCO, BMTning bolalar jamg‘armasi UNICEF, Jahon maktabgacha ta’lim tashkiloti OMEP, Afrikalik ayol pedagoglar forumi FAWE va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar ishtirokida “Toshkent deklaratsiyasi”ning katta ko‘lamdagi taqdimoti o‘tkaziladi.
Konferensiyada erta yoshdagi bolalarni o‘qitish metodikasi, inklyuzivlik, texnologiyalar va sun’iy intellekt, kichik yoshdagi bolalarning erta rivojlanishi sohasini ekologizatsiya qilish, hukumat miqyosidagi yondashuv, multisektorlik, koordinatsiya, neyrofanlarning o‘qitilishi kabi dolzarb mavzudagi ma’ruzalar tinglanadi va muhokama qilinadi.
“Biz ushbu konferensiyani o‘tkazishda nafaqat bolalarni, balkim ota-onalarning tarbiya metodini ishlab chiqish, ulardagi bola bilan o‘zaro ishlashdagi barqarorlikni rivojlantirishni ko‘zlaganmiz. Ko‘pchilik farzandimni bog‘chaga yuboraman, bo‘ldi u hamma narsani o‘rganadi deb befarq bo‘lib qoladi, aslida bolaga endi yanada ko‘proq e’tibor qaratish kerak”, - deydi Asqarxo‘jayeva.
Tadbir doirasida kichik yoshdagi bolalarni erta rivojlantirish markazlariga tashrif uyushtiriladi. Markazlarning faoliyati, ularning ishlash prinsipi va metodikasi xalqaro ekspertlar muhokamasiga qo‘yiladi.
17 noyabr kuni mutaxassislar va OAV vakillari uchun Samarqand, Buxoro va Xiva kabi turistik markazlariga madaniy sayyohlik tashrifi uyushtiriladi. Sayohatda UNESCOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan va boshqa tarixiy qadamjolar, obidalar va masjidlar ziyorat qilinadi.