Beglov Toshkentda paydo bo‘ladigan “Leningrad monumenti”ga tamal toshi qo‘ydi - video

Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida Sankt-Peterburglik haykaltaroshlar tomonidan “Leningrad monumenti” yaratiladi.
Sputnik
TOShKENT, 8 noya - Sputnik. Shu kunlarda O‘zbekistonda bo‘lib turgan Sankt-Peterburg gubernatori Aleksandr Beglov “G‘alaba bog‘i”da kelajakda paydo bo‘ladigan "Leningrad monumenti"ga tamal toshini qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
Toshkent shahar hokimiligi va Sankt-Peterburg gubernatori matbuot xizmatlaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra kelajakdja Toshkentdagi G‘alaba bog‘ida birgalikda yaratilgan "Leningrad monumenti" yodgorligi paydo bo‘ladi. Ayni damda ushbu yodgorlik ustida Sankt-Peterburglik haykaltaroshlar ishlamoqda.
Marosimda Beglov Leningradni himoya qilgan o‘zbek askarlari hamda evakuatsiya qilingan minglab leningradliklarni qabul qilgan o‘zbekistonliklarga chuqur minnatdorlik hissi haqida gapirdi.
– Ko‘p millatli O‘zbekiston xalqi fashizm ustidan g‘alaba qozongan o‘z o‘g‘il-qizlarning jasorati va xotirasini qadrlaydi. Leningrad-peterburgliklar qalbida esa Leningradni himoya qilgan o‘zbek askarlariga chuqur minnatdorlik hissi bor. Bizni yana minglab evakuatsiya qilingan leningradliklarni o‘z yurtida qabul qilgan respublika aholisi xotirasi ham birlashtiradi.
Bizning umumiy qahramonona o‘tmishimizda xalqlarimizning buyuk kelajagiga kuch va ishonch bor. Qahramonlarga abadiy xotira! Keksa avlod – faxriylarimizga chuqur ta’zim qilamiz”, — dedi Aleksandr Beglov.
Shuningdek, Beglov 7-noyabr kuni Toshkentda istiqomat qiluvchi qamalda qolgan Leningrad aholisi bilan uchrashdi va ularga esdalik sovg‘alarini topshirdi.
“Sizlar g‘oliblar avlodi vakillarisiz. Sizning butun hayotingiz Vatanga muhabbat, uning manfaatlariga xizmat qilish namunasidir”, dedi Beglov.
Gubernatorning qayd etishicha, Sankt-Peterburg hukumati qamalda qolgan Leningradning barcha aholisini yashash joyidan qat’i nazar, qo‘llab-quvvatlashga harakat qilmoqda. Yiliga ikki marta – Leningrad fashistik qamaldan ozod qilingan kuni va G‘alaba kunida Sankt-Peterburg boshqa shahar va mamlakatlardan, jumladan, O‘zbekistondan ham faxriylarni qabul qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, qamalda qolgan Leningraddan 5000 dan ortiq bolalar, zavodlar, universitetlar, ilmiy muassasalar Toshkentga evakuatsiya qilingan.
Shuningdek, 7-noyabr kuni Sankt-Peterburg delegatsiyasining tashrifi doirasida Toshkentda Sankt-Peterburg san’at ustalarining konserti bo‘lib o‘tdi.
“Turkiston” san’at saroyida esa “Sankt-Peterburgdan muhabbat bilan” nomli bayram konserti bo‘lib o‘tdi. Unda Andrey Medvedev boshchiligidagi Sankt-Peterburg simfonik orkestri, Rossiya xalq artistlari Larisa Dolina, Igor Butman, Rossiyada xizmat ko‘rsatgan artist Sergey Rogojin, kichik Eduard Xil ishtirok etdi.
Eslatib o‘tamiz, Sankt-Peterburg delegatsiyasining tashrif doirasida O‘zbekiston sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikromov, Toshkent shahari hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamda Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovlar bilan uchrashishi rejalashtirilgan.