TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Amerika Qo‘shma Shtatlari ertaga, 8-noyabr kuni Kongressga bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda Respublikachilar partiyasi vakillari muvaffaqiyat qozongan taqdirda, Kiyevga “Respublikachilar qishi”ni tashkillashtirib, yordamni qisqartirishi yoki hatto to‘xtatishi mumkin. Amerikaning “The Washington Post” gazetasi sharhlovchisi, xalqaro munosabatlar bo‘yicha mutaxassis Ishan Tarur shunday fikr bildirdi.
Nashr respublikachi Marjori Teylor Grinning respublikachilar qo‘l ostida Ukraina “bir tiyin ham olmaydi” degan bayonotiga tayangan.
“Uning partiyasi seshanba kuni bo‘lib o‘tadigan oraliq saylovlarda sezilarli yutuqlarga erishishi kutilmoqda va Qo‘shma Shtatlarning Ukraina qarshiliklarini qo‘llab-quvvatlash borasidagi yondashuvini o‘zgartirishi mumkin”, - deb yozadi gazeta sharhlovchisi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Respublikachilar partiyasida Ukrainani qo‘llab-quvvatlash darajasi bo‘yicha konsensus yo‘q. Grin respublikachilar elektoratining bir qismi nuqtayi nazarini ifodalayapti, qarama-qarshi pozitsiyani partiyaning taniqli vakillari, masalan, Senatdagi respublikachilar ozchiligi yetakchisi, Kiyevga harbiy yordamni kuchaytirish tarafdori Mitch Makkonel ilgari surapti, deb yozadi nashr.
Gazeta sharhlovchisining yozishicha, Kongressning Vakillar palatasi respublikachilar nazoratiga o‘tsa, prezident Jo Bayden ma’muriyatiga va Eronga bosimni kuchaytiradi. O‘z navbatida, Ukraina ham AQShning yordamiga tayanishni to‘xtatishi mumkin. Negaki Kongress allaqachon 60 mlrd dollarga teng harbiy yordamni ma’qullagan.
Muallif saylov arafasida Respublikachilar partiyasidan turli nomzodlar va deputatlar Ukrainaga yordamni moliyalashtirishni to‘xtatish kerakligini aytib chiqqanini eslatgan.
Uning qo‘shimcha qilishicha, Yevropa davlatlari AQShning Kiyevga yordami qisqarishi mumkinligidan xavotirda. Negaki yevropalik siyosatchilar bo‘shliqni to‘ldirish uchun yetarlicha siyosiy iroda ko‘rsata olmasligi ehtimoldan xoli emas.