TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev va Turkmaniston Milliy Kengashi Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedovning telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston bilan Turkmaniston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Shuningdek, shu hafta oxirida Samarqandda o‘tkaziladigan Turkiy davlatlar tashkiloti sammitining kun tartibidagi masalalar ham ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedovga o‘zining samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini bildirdi.
O‘zbekiston prezidentining 20-21 oktabr kunlari Turkmanistonga amalga oshirilgan rasmiy tashrifi davomidagi oliy darajali uchrashuv va tadbirlarning samarali natijalari yuksak baholandi.
Erishilgan kelishuvlar va imzolangan bitimlarni, shu jumladan faol parlamentlararo muloqotlar va almashinuvlarni davom ettirish orqali amalga oshirish muhimligi qayd etildi.