Rossiya Ukraina bilan muzokaralar uchun ochiqligicha qolmoqda – Peskov

Biz Rossiya tomoni muzokaralar bo‘yicha o‘z maqsadlariga erishish uchun ochiqligicha qolayotganini bir necha bor ta’kidladik, deydi Peskov.
Sputnik
TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Rossiya Ukraina bilan muzokaralar uchun ochiqligicha qolmoqda, biroq hozircha ularni davom ettirishning iloji yo‘q. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov ta’kidladi.
“Biz Rossiya tomoni muzokaralar bo‘yicha o‘z maqsadlariga erishish uchun ochiqligicha qolayotganini bir necha bor ta’kidladik, lekin Kiyevda Rossiya tomoni bilan hech qanday muzokaralarni davom ettirmaslik qonunga aylantirilgani uchun hozirda bunday imkoniyatni ko‘rmayotganimizga ham qayta-qayta barchaning e’tiborini qaratdik”, dedi Peskov jurnalistlarga.

Rossiya-Ukraina muzokaralari

Rossiya-Ukraina muzokaralari 28-fevralda, urush boshlaganidan to‘rt kun o‘tib o‘tkazila boshladi. Belarusda bir nechta uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, keyin muzokarachilar video aloqa orqali muloqotni davom ettirdi. 10-mart kuni Turkiyaning Antaliya shahrida bo‘lib o‘tgan diplomatik forum doirasida Turkiya Rossiya va Ukraina Tashqi ishlar vazirlari Sergey Lavrov va Dmitriy Kulebaning uchrashuvini tashkil qildi. 29-mart kuni esa Istanbulda yuzma-yuz muzokaralar bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomonidan o‘rganib chiqiladigan va mamlakat rahbariyatiga yetkaziladigan aniq shakllangan pozitsiya va takliflarni oldi.
Biroq, keyinroq Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina muzokaralar jarayonini sekinlashtirish maqsadida o‘z takliflaridan voz kechib, ko‘plab provokatsiyalar yaratayotganini aytdi.