TOShKENT, 7 noya — Sputnik. Oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchilari davlat oliy ta’lim muassasalariga suhbat asosida o‘qishga qabul qilinishi mumkin. Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tegishli qaror loyihasini ishlab chiqib, jamoatchilik muhokamasiga qo‘ygan.
Hujjat loyihasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlarining tavsiyanomasiga ega bo‘lgan hokim yordamchilarini OTMga qabul qilish belgilab qo‘yilmoqda.
Shuningdek, keyinchalik ushbu tizimda besh yil ishlab berish sharti bilan iqtisodiyot sohasi bo‘yicha bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarining sirtqi ta’lim shakliga suhbat natijalariga asosan amalga oshirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Hujjat qabul qilinsa, tavsiyanomaga ega bo‘lgan abituriyentlarni ro‘yxatdan o‘tkazish har yili 10-avgustdan 20-avgustgacha bo‘lgan muddatda Davlat test markazining maxsus elektron tizimi orqali amalga oshiriladi.
Qaror loyihasida quyidagilar ko‘zda tutilmoqda:
Abituriyentlar bilan suhbat o‘tkazish bo‘yicha alohida suhbat komissiyasi tashkil etish;
Suhbat jarayoni to‘liq videokuzatuv ostida o‘tkazish va jarayonlar kuzatuvchilar uchun ajratilgan alohida kutish joyiga onlayn translyatsiya qilib borish;
Suhbat jarayoni har yili 5-sentabrdan 15-sentabrgacha, oliy ta’lim muassasasi tomonidan belgilangan muddatda o‘tkazish;
Suhbat jarayonida abituriyentlarning har biriga jami to‘rtta savol berilishi hamda har bir savolga 25 balldan ajratilib, jami to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ball 100 ballni tashkil etish;
Qo‘yilgan ballarning o‘rtachasi 55 balldan yuqori bo‘lganda abituriyent suhbatdan o‘tgan deb hisoblash.
Hokim yordamchilarini o‘qitish xarajatlari Davlat budjetidan qoplab beriladi.
Qaror muhokamasi 19-noyabrga qadar davom etadi.
Ma’lumot uchun, bugungi kunda respublikadagi 10 mingdan ortiq mahalla fuqarolar yig‘inlarining har birida hokim yordamchilari o‘z faoliyatini olib bormoqda.
Hokim yordamchilarini tayinlash jarayonida iqtisodiy bilimlarni ega bo‘lgan kadrlar yetishmovchiligi yuzaga keldi. Shunga ko‘ra oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan hokim yordamchisi lavozimida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarni qayta tayyorlash va ularga iqtisodiy va moliyaviy bilimlarni egallagan bo‘lish zarurati yuzaga kelmoqda.