TOShKENT, 6 noya — Sputnik. Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okrug tasarrufidagi Termiz umumqo‘shin dala poligonida Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Yig‘inning ochilish marosimida harbiy okrug Quruqlikdagi qo‘shinlar havo hujumidan mudofaa bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Dilmurod Sheraliyev ishtirok etdi. U qo‘shinlarning jangovar tayyorgarlik darajasini dunyoning eng ilg‘or armiyalari bilan tenglashtirish uchun harbiy qism va muassasalarda barcha moddiy-texnik asoslar, harbiy xizmatchilarga zarur shart-sharoitlar yaratilganini qayd etdi.
Shundan so‘ng dastlab yig‘in ishtirokchilarining mashg‘ulotlarga tayyorgarligi, xususan, ularning qurol-yaroqlari, yuk qoplari, komandirlik sumkalari va hujjatlari ko‘rikdan o‘tkazildi. Shuningdek, harbiy xizmatchilarga maxsus va texnik hamda jismoniy tayyorgarlik jarayonlarini yangicha usullarda olib borish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Mazkur dala o‘quv yig‘inida harbiy xizmatchilar mavjud tajribalarini yanada mukammallashtirib, jangovar harakatlarni tashkil etishda egallagan bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlaydi. Yig‘in 16-noyabrga qadar davom etadi.