TOShKENT, 6 noya — Sputnik. 2-noyabrdagi kiberhujum natijasida O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qoldi. MY5 kanalida efirga uzatilgan lavhada buni 14 yoshli yigitlar amalga oshirgani ma’lum qilindi. IIVning Kiberxavfsizlik markazi esa buni inkor etib, bu kiberhujumda aslida namanganlik fuqaroning qo‘li borligini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, kiberhujumni uyushtirgan shaxs 3-noyabr kuni aniqlangan.
“Men Namangan viloyatining Norin tumanida tug‘ilganman. Bu hujumni 2-noyabr kuni taxminan soat 11:00 larda bajardim. Shunchaki saytning zaifligini ko‘rsatib qo‘ymoqchi edim. 28-oktabr kuni veb-saytning egalariga bu haqida report [ogohlantirish] yo‘llagan, lekin javob kelmadi. Shu sabab bu ishni amalga oshirgim keldi”, — deydi fuqaro.
Shuningdek, u televidenie orqali o‘zini “Marsh Golden” guruhining boshlig‘i deb tanishtirgan bolaning aslida bu ishga umuman aloqasi bo‘lmaganini, bu guruh egasi ham, asoschisi ham o‘zi ekanini ta’kidlagan.
“Bu intervyudagi hamma aytilgan gaplar yolg‘on. “MarshGolden”ni men yaratganman. telegram kanal ham menga tegishli, uning admini ham menman”, - dedi fuqaro.
Namanganlik fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, u bu ishlarning noqonuniy ekanini bilmagan.
“Men buni noqonuniy ekanini bilmagandim.Soha xodimlari uyimizga kelib, buni tushuntirishdi. Qilgan ishimdan pushaymonman”, - deya afsus bildirdi xaker.
Kiberxavfsizlik markazi bu hujumlar jamiyat va davlatga ulkan zararlar keltirishi, insonlarning ijtimoiy holatiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkinligini ta’kidlagan va bu xatti-harakatlar uchun qonunda jazo ko‘zda tutilganini eslatgan.
“Axborot texnologiyalariga qiziqib tahsil olayotgan, o‘zini bo‘lajak xaker qiyofasida ko‘rayotgan yoshlar bu harakatlar uchun qonunda javobgarlik belgilanganini unutmasliklari kerak”, - deyiladi xabarda.
Hozirda yig‘ilgan daliliy ashyolar yuzasidan huquqiy baho berish maqsadida ekspertiza guruhi tayinlangan. Holat yuzasidan surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.