TOShKENT, 5 noya — Sputnik. Senat saytini buzib kirganlar 14 yoshdagi o‘smirlar ekani ma’lum bo‘ldi
Ma’lum bo‘lishicha, Oliy Majlis Senati saytiga kiberhujum uyushtirganlar 6 kishi bo‘lib, ularning barchasi 14 yoshdagi o‘smirlar. Yosh hakerlar bungacha ham bir necha davlat organlari saytlariga, jumladan, Kundalik.com saytiga ham buzib kirishganini tan olishgan.
Hakerlar guruhi o‘zini MarshGolden deb nomlaydi. My5 telekanaliga bergan intervyusida jamoa yetakchisi kiberhujumlarni 2019-yildan boshlaganini aytadi.
“Saytlarni buzishni 2019-yili Kundalik.com saytidan boshlaganman. U paytlar sayt ancha zaif edi. Unga buzib kirib, baholarimizni to‘g‘rilaganmiz. O‘shandan keyin jamoa yig‘ib ish boshlaganmiz”, deydi ismi ochiqlanmagan haker.
Intervyu davomida yosh haker 2-noyabr kuni "Senat.uz" rasmiy saytiga hujumni ham o‘zlari uyushtirganini tan olgan. Bu orqali ular mutasaddilarga saytning xavfsizlik tizimidagi zaiflikni ko‘rsatib qo‘ymoqchi bo‘lishgan.
“2 noyabr kuni soat 11:00da saytdagi zaiflik haligacha bartaraf etilmagani sababli xavfsizlik tizimidagi kamchiliklarni ko‘rsatib qo‘yish maqsadida Senat rasmiy saytiga kiberhujumni amalga oshirdik. Bizda hali kiberxavfsizlik rivojlanmagan, shu sababli dasturchilar saytlarni ishlab chiqayotganda bu narsaga ahamiyat qaratishi kerak. Shuning uchun ham hali O‘zbekiston saytlarida zaifliklar ko‘p. Agar sharoit yaratib berilsa, bizga qilingan xarajatlarni davlat uchun ishlab qoplardik”, deydi MarshGolden guruhi yetakchisi.
Eslatib o‘tamiz, 2-noyabrdagi kiberhujum natijasida Oliy Majlis Senatining rasmiy saytiga kirish bir muddat imkonsiz bo‘lib qolgandi.