Standartlashtirish to‘g‘risida yangi qonun qabul qilindi - tafsilotlar

Qonunda davlat standarti tushunchasi majburiy bajarish ma’nosini anglatgani bois xorijiy tajribalarga tayangan holda “milliy standart” tushunchasiga o‘zgartirildi.
Sputnik
TOShKENT, 4 noya — Sputnik. Prezident“Standartlashtirish to‘g‘risida”gi yangi qonunni imzoladi.
Qonunda davlat standarti tushunchasi majburiy bajarish ma’nosini anglatgani bois xorijiy tajribalarga tayangan holda “milliy standart” tushunchasiga o‘zgartirildi.
Qonunga ko‘ra, O‘zbekistonning milliy standartlashtirish tizimini quyidagilar tashkil etadi:
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi;
Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ;
davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari;
standartlashtirish bo‘yicha texnik qo‘mitalar.
Standartlashtirishning asosiy vazifalaridan biri fuqarolarning hayotini, sog‘lig‘ini va mol-mulkini hamda atrof-muhitni muhofaza qilishdan iborat.
Standartlashtirish rejasi quyidagi muddatli istiqbol uchun qabul qilinishi mumkin:
qisqa (1 yilgacha);
o‘rta (1 yildan 5-yilgacha);
uzoq (5 yildan 10-yilgacha).
Standartlarning yagona axborot bazasi Standartlashtirish bo‘yicha milliy organ tomonidan shakllantiriladi va yuritiladi.
Standartlarning toifalari quyidagilardan iborat:
milliy standartlar;
xalqaro (mintaqaviy) standartlar;
xorijiy mamlakatlarning standartlari.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran 12 oy o‘tgach kuchga kiradi.
Ma’lumot uchun, Jahon Savdo tashkiloti, Standartlashtirish bo‘yicha xalqaro tashkilot va boshqa tashkilotlar talablariga muvofiq, ishlab chiqaruvchilar iste’mol bozorlari yoki xorijiy bozorlarga kirib borishi hamda raqobatbardoshliligini oshirib borishi uchun standartlar ixtiyoriy asosda qo‘llaniladi.
Yangi qabul qilingan qonun bilan 18 mingdan ortiq standartlar majburiy tusdan ixtiyoriylikka o‘tadi.
"Standartlashtirish to‘g‘risida"gi qonun 1993-yilda qabul qilingan bo‘lib, bugungi kun talablari va standartlashtirish sohasidagi xalqaro hujjatlarga muvofiqlashtirishni talab etgan.