Patrushev Qora dengiz floti kemalariga qilingan hujumni terakt deb atadi

Hujumni terrorchilik harakatidan boshqa tarzda baholash mumkin emas, dedi Patrushev.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Don tashish bo‘yicha gumanitar yo‘lak faoliyatini ta’minlovchi Qora dengiz floti kemalariga qilingan hujum aniq terrorchilik harakatidir. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ta’kidladi.

“Rossiya Ukraina eksporti uchun g‘alla bitimida ishtirok etishga rozi bo‘ldi, biroq Qora dengiz floti kemalariga qilingan terrorchilik hujumidan so‘ng undagi ishtirokini to‘xtatishga majbur bo‘ldi”, - dedi Patrushev MDH davlatlari Xavfsizlik kengashlari kotiblari yig‘ilishida so‘zlagan nutqida.

“Gumanitar yo‘lakning ishlashini ta’minlovchi kemalarga qilingan hujumni terrorchilik harakatidan boshqa tarzda baholash mumkin emas”, - dedi u.

29 oktabr kuni erta tongda Kiyev rejimi Sevastopol akvatoriyasidagi Qora dengiz floti kemalari va fuqarolik kemalariga terrorchilik hujumi uyushtirdi. Rossiya Mudofaa vazirligining aniqlik kiritishicha, teraktga tayyorgarlik ko‘rish va Ukrainaning 73-Dengiz operatsiyalari maxsus markazi harbiy xizmatchilarining tayyorgarligi Buyuk Britaniyadan kelgan mutaxassislar rahbarligida amalga oshirilgan.
Shundan so‘ng, Moskva oziq-ovqat bo‘yicha kelishuvda ishtirokini vaqtinchalik to‘xtatib qo‘ydi. Biroq Ukraina Qora dengiz don yo‘lagi va Ukraina portlari Rossiyaga qarshi harbiy amaliyotlar uchun foydalanilmasligiga yetarli kafolatlar berganidan so‘ng, 2-noyabr kuni RF bitimdagi ishtirokini qayta tikladi.