TOShKENT, 3 noya — Sputnik. O‘zbekiston Rossiyadan pul o‘tkazmalari kamayishi mumkinligidan xavotirda. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari – iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov Samarqandda boshlangan II O‘zbekiston xalqaro iqtisodiy forumidagi nutqida aytib o‘tdi.
“Bizni xavotirga solgan navbatdagi narsa Rossiyadan pul jo‘natmalarining kamaygani bo‘ldi. Haqiqatda esa pul jo‘natmalari ko‘payganini ko‘rapmiz”, - dedi Qo‘chqorov.
Shuningdek, so‘nggi ikki yil mamlakat uchun og‘ir davr bo‘lganini ta’kidladi.
“Biz juda qiyin davrni boshdan kechirdik. Birinchidan, ikki yillik pandemiya, hozir esa dunyodagi keskin vaziyat, ta’minot zanjiridagi uzilishlar, oziq-ovqat va energiya resurslari narxlarining oshishi”, - deydi vazir.
Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati eng ko‘p oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi vaziyatdan xavotirda.
“Hozir ham bozorlarning tarqoqligi davom etmoqda, biroq endi bizda hech qanday muammo yo‘q, buning uchun bozorlarini ochgan qo‘shnilarimizga rahmat”, - deya qo‘shimcha qildi Qo‘chqorov.
Eslatib o‘tamiz, yil boshidan beri Rossiyadan O‘zbekistonga 5,3 mlrd dollar o‘tkazildi. Bu respublikaga yuborilgan pul o‘tkazmalari umumiy hajmining 81 foizini tashkil etadi, deya ta’kidlamoqda Yevroosiyo taraqqiyot banki tahlilchilari. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 2,4 barobar ko‘pdir.
Rossiyadagi xorijiy ishchilar soni ham o‘sdi – joriy yilning ikkinchi choragida Rossiyaga ishlash uchun 3 milliondan ortiq kishi borgan. Ayni paytda ularning 1,5 millioni o‘zbeklardir. Ekspertlar fikriga ko‘ra, chet ellik mutaxassislarni rublning kuchli kursi o‘ziga jalb qilmoqda. Negaki shu orqali ular milliy valyutada ko‘proq daromad olishlari mumkin.