TOShKENT, 3 noya — Sputnik. 2023 yilda Moskvada mehnat migratlari uchun patent narxi 6600 rublgacha oshadi. Bu haqda Moskva shahri dumasi yig‘ilishida poytaxtning iqtisodiy siyosati va rivojlanishi departamenti rahbari o‘rinbosari, soliq tahlili boshqarmasi boshlig‘i Darya Murchenko ma’lum qildi.
“2022 yilda mehnat migrantlarining ular uchun odatiy bo‘lgan sohalardagi rasmiy maoshi 11,5 foizga oshdi. Shu munosabat bilan patent narxini mos ravishda 6600 rublgacha ko‘tarish taklif qilinmoqda”, - deya tushuntirdi Murchenko.
Eslatib o‘tamiz, 2022-yil 1-yanvardan Moskva va Moskva viloyatida patent narxi 5341 rubldan 5 900 rublgacha qimmatlashgan edi.
2015 yilda Rossiyasiga vizasiz rejimda kiruvchi Ukraina, Moldova, Ozarbayjon, Tojikiston va O‘zbekiston kabi davlatlar fuqarolari uchun Rossiyada ishlash uchun patentlar joriy qilingan.