TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Turkmaniston parlamentining yuqori palatasi – Xalq maslahati rahbari, mamlakatning sobiq prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov Rossiyaga tashrifi chog‘ida rasmiy Moskva bilan iqtisodiyot sohasida strategik hamkorlikni kuchaytirish kerakligini aytdi. Bu haqda hukumatning rus tilidagi “NeytralniyTurkmenistan” (“Betaraf Turkmaniston”) gazetasi xabar berdi.
Federatsiyalar Kengashining (Rossiya parlamentining yuqori palatasi) yalpi majlisida nutq so‘zlab, u Turkmaniston va Rossiya o‘rtasidagi strategik sheriklikning muhim yo‘nalishlaridan biri savdo-iqtisodiy hamkorlik ekanligini ta’kidladi. Nashrning ta’kidlashicha, Xalq maslahati raisi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmining o‘sishi, eksport-import operatsiyalari kengayishi, Turkmaniston va Rossiya kompaniyalari tomonidan amalga oshirilayotgan yirik va uzoq muddatli iqtisodiy loyihalarning amalga oshirilishining ijobiy dinamikasini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Gurbanguli Berdimuhamedov birgalikda rivojlantirish kerak bo‘lgan asosiy yo‘nalishlar qatorida energetika, transport, yuqori texnologiyalar, sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligini alohida ta’kidladi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, “bugungi kunda Turkmanistonda iqtisodiyotning shu va boshqa tarmoqlarida yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, yo‘llar va infratuzilmani barpo etish, sanoatning turli tarmoqlariga innovatsiyalar va yangi texnologiyalarni joriy etishga qaratilgan katta ishlar amalga oshirilmoqda”.
“Biz doimo Turkmaniston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash, ularga yangi sifat bag‘ishlash, bu munosabatlarni ko‘p funksiyali, iqtisodiy sheriklik darajasiga olib chiqish tarafdori bo‘lib kelganmiz, bunda sarmoyaviy, moliyaviy va texnologik komponentlar muhim rol o‘ynaydi”, - deya Turkmanistonning sobiq prezidenti so‘zlarini keltiradi nashr.
Gurbanguli Berdimuhamedov Rossiya Federatsiyalar Kengashi yalpi majlisida Turkmanistonda rus drama teatri va Turkman-Rossiya universiteti ochish rejalashtirilayotganini ham ma’lum qilgan.