Geografik obyektlarga nom berishda aholining fikri hisobga olinadi

Geografik obyektlarga jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga yo‘l qo‘yildi.
Sputnik
TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Endilikda geografik obyektlarga nom berishda aholining fikri o‘rganiladi. Bu haqida prezident Shavkat Mirziyoyev imzolagan O‘RQ–799 sonli qonunda nazarda tutilgan.
Qonunga ko‘ra, geografik obyektlarga jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berishga yo‘l qo‘yildi.
Bunda O‘zbekiston yoki jahon tarixida chuqur iz qoldirgan shaxslarning ismi-sharifini berish ularning vafotidan keyin prezidentining qaroriga asosan hamda, qoida tariqasida, nomlari mavjud bo‘lmagan aholi punktlarining tarkibiy qismlariga nisbatan amalga oshiriladi.
Geografik obyektlarga nom berish va ularning nomlarini o‘zgartirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash jarayonida mahalliy aholining fikri hisobga olinadi.
Takliflar kelib tushganidan keyin muhokama qilish uchun ularni 5 ish kunida tegishli organlar o‘zlarining rasmiy nashrlarida, rasmiy veb-saytlarida, shuningdek ommaviy axborot vositalarida e’lon qiladi.
Shuningdek, takliflar muhokamasi ular e’lon qilingan sanadan e’tiboran 15 kundan kam bo‘lmasligi kerak.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq senatorlar tomonidan “Geografik obyektlarning nomlari to‘g‘risida”gi Qonun maqullangan edi.
Qonunchilikda geografik obyektlarga shaxslarning nomini berishda talablar mavjud bo‘lmagan. Ushbu holatlar geografik obyektlarning nomlari qayta-qayta o‘zgartirilishiga sabab bo‘lgan.