TOShKENT, 3 noya — Sputnik. Axborot xavfsizligi sohasida AQSh o‘rnatgan hamkorlik MDH davlatlarining suverenitetiga tahdid soladi va ularda “rangli inqiloblar” sodir bo‘lishini osonlashtiradi. Bu haqda Rossiya Xavfsizlik kengashi kotibi Nikolay Patrushev ta’kidladi.
“Biz Vashington tomonidan o‘rnatilgan axborot xavfsizligi bo‘yicha hamkorlik MDH davlatlari suverenitetiga tahdid soladi va “rangli inqilob” ssenariylarini amalga oshirishga yordam beradi, deb hisoblaymiz”, dedi Patrushev Moskvada bo‘lib o‘tgan MDH Xavfsizlik kengashi kotiblarining yig‘ilishida.
“Biz barchamiz G‘arb nazoratidagi nodavlat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlar Rossiya, Belarus va Markaziy Osiyoning ayrim mamlakatlaridagi vaziyatni qanday beqarorlashtirishga uringaniga guvoh bo‘ldik. Biz MDHga a’zo davlatlar o‘rtasida axborot xavfsizligi sohasida hamkorlikni mustahkamlash vazifasini ustuvor vazifalardan biri deb bilamiz”, - dedi Patrushev.
Shuningdek, u hamkasblariga o‘z milliy xavfsizligini ta’minlash, MDH makonida tartibsizliklarning oldini olish uchun Rossiya tajribasidan foydalanishni taklif qildi.