Vabo kasalligi aniqlangan bemorlar soni ortmoqda – JSST

Qayd etilishicha, xalqaro mutaxassislar epidemiya boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalishidan jiddiy tashvishda.
Sputnik
TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Livan davlatida vabo bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat yanada murakkablashgan. Mamlakatda vaboga chalinganlar soni kun sayin oshmoqda. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining navbatdagi bayonotida qayd etilgan.
Ta’kidlanishicha, 5-oktabrdan buyon mamlakatda mazkur xavfli xastalikka gumonlangan 1,4 mingdan ortiq kishi tegishli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazildi. Natijada ulardan 400 nafarga yaqinida vabo tasdiqlandi. Shuningdek, bemorlardan 17 nafari kasallik oqibatida hayotdan ko‘z yumdi.
Ayni paytda xalqaro mutaxassislar epidemiya boshqa mamlakatlarda ham keng tarqalishidan jiddiy tashvishda. Chunki sentabr oyida Livanga qo‘shni bo‘lgan Suriyada vaboni yuqtirgan bemorlar ro‘yxatga olingan.
Qayd etilishicha, JSST epidemiyani jilovlash maqsadida Livanga 600 ming doza vaboga qarshi vaksinalar partiyasini yuborishga qaror qildi.