Loyiha “Botas” xom neft va tabiiy gaz quvurlari kompaniyasi hamda “Epias” energetika birjasi bilan kelishilgan. Yevropa Ittifoqi xavotirda: ufqda imij va iqtisodiy yo‘qotishlar bo‘y ko‘rsata boshladi. Rossiya va Turkiya qanday imtiyozlarga ega bo‘ladi va Yevropada nimadan qo‘rqishapti – RIA Novosti materialida shu haqda so‘z boradi.
Nima uchun qurilyapti?
Rossiya prezidenti Vladimir Putin “Rossiya energetika haftaligi” forumidagi nutqida “Shimoliy oqim”ga qo‘shimcha yangi gaz quvuri va xab qurish taklifini bildirdi. Turkiyadan yonilg‘i uchinchi davlatlarga, avvalo Yevropaga yuboriladi, albatta ular buni xohlasa.
Turkiya energetika va tabiiy resurslar vaziri Fotih Donmezning oktabr oyi oxirida ma’lum qilishicha, allaqachon ishga kirishilgan.
“Bizda doim gaz markazi bo‘lishni maqsad qilganmiz”, - deya ta’kidladi u.
Xab – bu infratuzilma obyektlari bilan bog‘liq bo‘lgan tarqatish maydoni. U yerga gaz oqib keladi va uning narxi o‘sha yerda shakllanadi.
Noyob imkoniyat
“Gazprom”da ta’kidlanishicha, loyiha hamma – Moskva, Anqara va Brussel uchun foydali. Tahlilchilar ham shunday fikrda.
“Turkiya Rossiyadan Yevropa Ittifoqiga tranzit orqali hozirgidan ancha ko‘p pul ishlab oladi. Ammo bu “Shimoliy oqim”larning o‘rnini to‘laqonli bosmaydi. Ularning har biri 55 mlrd kubometr quvvatga ega. “Turk oqimi” – 31,5 mlrd, “Moviy oqim” – 16 mlrd”, - deb tushuntirgan mustaqil ekspert Leonid Xazanov.
Milliy energiya xavfsizligi jamg‘armasi bosh direktorining o‘rinbosari Aleksey Grivachning eslatishicha, turklar bir necha o‘n yillardan beri xab g‘oyasi bilan “ovora”. Endi ularning orzusi ushalishi mumkin.
“Turkiya Yevropa Ittifoqiga nafaqat Rossiyadan, balki Ozarbayjon, Eron va Turkmanistondan ham gaz yetkazib berish orqali gaz jekpotini qo‘lga kiritadi. To‘g‘ri, buning uchun hukumat va mahalliy neft-gaz kompaniyalari qayerdandir topishi kerak bo‘lgan juda katta sarmoyalarni talab qiladi”, - deb qo‘shimcha qiladi Leonid Xazanov.
"Egasiz" gaz
Agar loyiha amalga oshirilsa, salbiy siyosiy vaziyatga qaramay, Rossiya xomashoning bir qismini Yevropaga jo‘natadi, yevropaliklar gazni “shaxssiz” ko‘rinishda oladi: axir u savdo maydonchasiga qayerdan kelgani yozib qo‘yilmaydi-ku. Albatta, Yevropa Ittifoqi ma’lum imij yo‘qotishlariga uchraydi, lekin qimmat suyultirilgan tabiiy gaz (STG) sotib olishni kamaytiradi.
Shu bilan birga, strategik yo‘qotishlar ham istisno qilinmaydi. Masalan, Germaniya Yevropaning eng yirik gaz xabi maqomini Turkiyaga berib qo‘yadi.
Yevropa Ittifoqi loyihadan xavotirda va hech qachon Rossiya gazini sotib olmasligiga ishontirmoqda. Chexiyaning sanoat va savdo vaziri Yuzef Sikela Turkiyaning “Dnya” gazetasiga bergan intervyusida Yevropada neft va gaz importi, xususan, Rossiyaga nisbatan jiddiy bahs chiqarayotganini tan oldi.
“Bu gaz qayerdan kelgani aniq. Menimcha, Yevropa uni sotib olmaydi”, - deydi u.
Tanlov bor
Ekspertlar fikricha, YeIning energiya resurslari yetkazib berishni diversifikatsiya qilishga urinishi yangi gaz xabi uchun xavf hisoblanadi. “Gazprom”ning hisob-kitoblariga ko‘ra, joriy yil 1-yanvardan 15-oktabrgacha Yevropaga gaz yetkazib berish o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 41,4 foizga (63 milliard kub metrga) kamaydi. Taxminlarga ko‘ra, 2022-yilda korporatsiya Yevropa davlatlariga eksportining yarmidan mosuvo bo‘lishi mumkin.
“Haqiqatan ham ortiqcha yoqilg‘iga talab yo‘qligi bilan bog‘liq muammo bor va O‘rta yer dengizi markazi buni hal qilishi mumkin. Biroq, masala Yevropa Ittifoqi pozitsiyasida – u yerda Rossiyadan gaz importini yanada cheklash istagi qanchalik kuchli”, - deydi iqtisodchi va sarmoya bo‘yicha xususiy maslahatchi Nikolay Neplyuyev.
Yevropaga AQSh ham bosim o‘tkazishda davom etadi.Ularga bunday xab umuman kerakmas, axir Amerikaning 70 foiz suyultirilgan tabiiy gazi Yevropa bozoriga eksport qilinyapti. Rasmiy Vashington hukumatga ta’sir o‘tkazishga urinishdan tortib, sanksiyalargacha bo‘lgan choralarni ko‘radi, - deya taxmin qilmoqda Xazanov.
Brusselning gapga ko‘nuvchanligi barqaror yoqilg‘i ta’minotidan qay darajada manfaatdor ekani va yomonlashib borayotgan iqtisodiy vaziyatga bog‘liq bo‘ladi.
Bu qishda inqirozning kuchayishi kutilmayapti: deyarli barcha Yevropa gaz omborlari to‘ldirildi. Biroq Xalqaro energetika agentligi (XEA) rahbari Fotih Birolning ogohlantirishicha, kelasi yilda vaziyat bir muncha yomon bo‘lishi mumkin.
Yevropa dekabr oyidayoq Rossiyadan quvur orqali yetkazib berilayotgan gazdan mahrum bo‘lish xavfi ostida – narxlarning yuqori chegarasi joriy etilsa, Moskva yoqilg‘ini sotmay qo‘yadi. Natijada, XEA tomonidan hisob-kitoblariga ko‘ra, fevral oyida omborxonalar deyarli bo‘shab qoladi – 20 foiz atrofida gaz qoladi. Va bu hatto sakkiz oy ichida 65 foizga o‘sgan STG importining hozirgi darajasi saqlanib qolsa ham yuz beradi.