TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Bugun, 2-noyabr kuni kuzatilgan surunkali yog‘ingarchiliklar oqibatida Qashqadaryo viloyatining Kitob, Qamashi, G‘uzor va Dehqonobod tumanlaridagi ariqlar va boshqa suv o‘tkazish inshootlarida yig‘ilgan yomg‘ir suvlari toshishi bilan bog‘liq hodisalar yuzaga kelgan. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi (FVV) Sputnik muxbiriga ma’lum qildi.
Ayni paytda ushbu tumanlarda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bunday vaziyatlarda harakat qilish davlat tizimi (FVDT) organlari kuch va vositalari yog‘ingarchilik oqibatlarini bartaraf etish chora-tadbirlarini ko‘rmoqda.
Xususan, Kitob tumani “Ko‘xsor” MFY hududi adirliklarida kuchli yomg‘irlar yog‘ishi tufayli to‘plangan suvlar “Jovuz” kishlog‘i ichidagi aholi yashash hududidan oqib o‘tuvchi sel yo‘lidan o‘z oqimi bo‘ylab oqib o‘tgan.
Aholi va xonadonlarga ziyon yetmagan.