BAA kompaniyasi Toshkentning oqova suv tizimini yaxshilashda yordam beradi

Ta’kidlanishicha, loyiha amalga oshirilgach, Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi.
Sputnik
TOShKENT, 2 noya — Sputnik. Birlashgan Arab Amirliklarining “Abu Dhabi Sewerage Services” (ADSSC) kompaniyasi Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilashda yordam beradi.
Toshkentda “O‘zsuvta’minot” va BAA kompaniyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolandi. Memorandumni uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirining birinchi o‘rinbosari, "O‘zsuvta’minot" boshqaruvi raisi Sohib Saifnazarov va ADSSC bosh ijrochi direktori Ahmed Shamsi imzoladilar.
U Toshkent shahrining oqova suv tizimini yaxshilash loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutadi. Loyiha doirasida Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani "Surum" MFY hududida kunlik quvvati 1 million metr kubdan ziyod bo‘lgan zamonaviy oqova suv tozalash inshooti quriladi.
Bu 3-oqova suv nasos stansiyasi "Bektemir" va "Binokor" oqova suv tozalash inshootlariga kelayotgan oqova suvlarni o‘zi oqar tarzda inshootga qabul qilish imkoniyatini beradi. Buning natijasida sutkasiga jami 55,4 kVt elektr energiyasi tejalishiga erishiladi.
Ta’kidlanishicha, yangi oqova suv inshootining birinchi bosqichi yakunlanganidan so‘ng Sergeli, Bektemir va Yangihayot tumanlaridagi 400 mingdan ortiq aholi, korxona va tashkilotlar markazlashgan oqova suv xizmati bilan qamrab olinadi.
Loyihaning amalga oshirilishi butumanlardagi sanitariya-epidemiologik hamda ekologik holat yanada yaxshilanishiga ham olib keladi.
Ma’lumot uchun: “Abu Dhabi Sewerage Services”kompaniyasi 2005-yilda Abu-Dabi amirligidagi barcha turar-joy va aholi punktlaridan oqova suvlarni yig‘ish va tozalash, shuningdek,xo‘jaliklarning qattiq va suyuq maishiy chiqindilarini xavfsiz utilizatsiya qilish maqsadida tashkil etilgan.