TOShKENT, 1 noya — Sputnik. O‘zbekistonda uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari narxlari bir oyda o‘rtacha 16,1 % ga oshgan. Bu haqida Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlari darak bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 2022-yilning oktabr oyida uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari narxlari sentabr oyiga nisbatan, ya’ni bir oyda o‘rtacha 16,1 % ga oshgan.
“Bunda eng yuqori o‘sish Toshkent shahrida 51,6 % bilan qayd etilgan bo‘lsa, eng past o‘sish 1 % bilan Xorazm viloyatida kuzatilgan”, deyiladi xabarda.
Uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari narxlari yil boshidan buyon o‘rtacha 20,9 % ga oshgani kuzatilgan. Shuningdek, uy-joylarni ijaraga berish xizmatlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan, ya’ni yillik nisbatda o‘rtacha 24,2 % ga oshgan.