TOShKENT, 1 noya — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-oktabr kuni energiya resurslaridan samarali foydalanish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqida prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari bu haqda bir hafta oldin kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha yig‘ilishda ko‘rsatma bergan edi. Shu asosida kuz-qish mavsumida yoqilg‘i-energetika resurslarini tejash va bir maromda yetkazib berish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Ma’lumki, iqtisodiyot tarmoqlari rivojlanib, turmush darajasi yaxshilangani sari energiyaga talab ham oshib boradi. So‘nggi besh yilda O‘zbekistonda elektr energiyasi iste’moli 20 foizga, jumladan, aholi tomonidan sarflanishi 31 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich yiliga 6 foizdan o‘sib bormoqda.
Taqdimotda mutasaddilar takliflarni bayon etdi. Xususan, sanoat korxonalarida ish jarayonini optimallashtirish, energiya ishlab chiqarish texnologiyasini modernizatsiya qilish, qozonxonalarni yangilash va ta’mirlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalari hisobiga tabiiy gaz va elektr energiyasini 10 foizgacha qisqartirish mumkinligi aytildi.
Shavkat Mirziyoyev oznakomilsya s prezentatsiyey predlojeniy po effektivnomu ispolzovaniyu energoresursov.
© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Davlat rahbari bu masala yildan-yilga dolzarb bo‘lib borishi, shuning uchun hamma soha va hududlarda energiyani tejashga o‘rganish kerakligini ta’kidladi.
Xabarda aytilishicha, mutasaddilarga hududlarga chiqqan holda, energiyani tejash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarni izlash vazifasi qo‘yildi.
Ijtimoiy soha muassasalarida energiya samaradorligini oshirish, quyosh panellaridan foydalanishni kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi hamda Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi vakolatlarini kuchaytirish, noqonuniy holatlarga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish bo‘yicha vazifalar belgilandi.