Rossiyaning ayrim hududlarida o‘qiyotgan talabalarga o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berildi

Qayd etilishicha, o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 2022-yil 1-noyabrdan 20-noyabrga qadar qabul qilinadi.
Sputnik
TOShKENT, 1 noya — Sputnik. Rossiyaning Ukraina bilan chegaradosh Kursk, Bransk, Belgorod, Voronej, Rostov va Krasnodar hududlaridagi OTMlarida tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi. Bu haqida Davlat test markazi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, talabalarning o‘qishi ularning arizalariga muvofiq doimiy yashash manzili hududida joylashgan OTMning mos va turdosh (mos va turdosh bo‘lmagan taqdirda mazmunan yaqin bo‘lgan) ta’lim yo‘nalishiga ko‘chiriladi.
O‘qishni ko‘chirish bo‘yicha arizalar 2022-yil 1-noyabrdan 20-noyabrga qadar (shu kuni ham) Davlat test markazining my.dtm.uz sayti (“Rossiya Federatsiyasidan o‘qishni ko‘chirish” bo‘limi) orqali qabul qilinadi.
“Talabalarning haqiqatda muayan OTMda tahsil olganligini tekshirish 2022-yil 25-noyabrdan 15-dekabrga qadar Tashqi ishlar vazirligi tomonidan amalga oshiriladi. Talabalarning o‘qishini ko‘chirishga ruxsat berish bo‘yicha qaror respublika OTMlarining idoraviy bo‘ysunuvidan qat’i nazar Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tomonidan qabul qilinadi”, deyiladi xabarda.
Fuqarolarning Rossiyadagi muayan OTMda haqiqatda o‘qiyotganligi aniqlanmasa ularning o‘qishi ko‘chirilmaydi.
Qayd etilishicha, o‘qishi ko‘chirilgan talabalarning o‘qishini mos kursdan davom ettirishiga istisno tariqasida ruxsat beriladi. Bunda aniqlangan fanlar farqi 2022-2023 o‘quv yili davomida bepul topshiriladi.