O‘zbekiston ko‘magida Afg‘onistonning Mozori Sharif aeroporti qayta tiklandi - video

O‘zbekiston Afg‘onistondagi Mozori-Sharif aeroportini tiklash bo‘yicha texnik yordam loyihasini yakunladi.
Sputnik
TOShKENT, 1 noya — Sputnik. O‘zbekiston Afg‘onistonning Mavlono Jaloliddin Balxiy nomidagi Mozori-Sharif xalqaro aeroporti faoliyatini tiklash bo‘yicha texnik yordam ko‘rsatish jarayonini yakuniga yetkazdi.
O‘zAning yozishicha, jarayonning yakuniga bag‘ishlangan tantanali marosim 25-oktabr kuni bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev, transport vaziri Ilhom Mahkamov, "O‘zaviatsiya" agentligi, "O‘zaeronavigatsiya markazi", Uzbekistan Airports, O‘zgidromet va boshqa tuzilmalar vakillari ishtirok etgan.
Ta’kidlanishicha, O‘zbekiston yordamida aeroportda havo harakatiga xizmat ko‘rsatish, parvozni radiotexnik jihatdan ta’minlashga erishilgan.
Texnik ta’minlash yo‘nalishi bo‘yicha Mozori-Sharif aerodromining uchish-qo‘nish yo‘lagi qoplamasi, havo kemalari uchun burilish yo‘laklari va to‘xtab turish joylaridagi belgilar bo‘yog‘i to‘liq yangilangan. Qolaversa, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan hududning elektr va yorug‘lik-texnik ta’minoti zamonaviy talab darajasiga keltirilgan.
Tadbirda aeroportning qurilishi tugallangan obyektlarini foydalanishga topshirish va faoliyatni tiklash uchun zarur jihozlarni qabul qilib olish hujjati imzolandi.
O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov Mozori Sharif aeroportining qayta tiklanishi Afg‘onistonning iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.
Afg‘oniston muvaqqat hukumati tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Shermuhammad Abbos Stanakziy O‘zbekiston rahbarining Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish, xavfsizlikni ta’minlash, tinchlik muzokaralarini ilgari surish borasidagi sa’y-harakatini yuqori baholadi. Shuningdek, u O‘zbekiston prezidenti va xalqiga minnatdorlik bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston Mozori Sharifdagi xalqaro aeroportni tiklashga kirishgani xabar qilingan edi. O‘zbekiston afg‘on tomonining iltimosiga binoan aeroportni rekonstruksiya qilishda yordam berish uchun 30 kishidan iborat texnik guruhni yuborgan edi.