TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Rossiya Federatsiyasining Turkiyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Aleksey Yerxov Rossiya gazini Turkiyaga yetkazib berishda hech qanday xatar yo‘qligini, Anqara Moskvani ishonchli hamkor deb bilishini aytdi.
Rossiya Turkiyaga asosiy gaz yetkazib beruvchi hisoblanadi. “Bloomberg” avvalroq manbalarga tayanib, Turkiya energiya narxlarining oshishidan kelib chiqadigan iqtisodiy zararni yumshatish maqsadida Rossiyadan Anqaraning tabiiy gaz uchun to‘lovlarining bir qismini 2024-yilgacha kechiktirishni so‘raganini yozgan edi.
O‘z navbatida, RIA Novosti agentligining Anqaradagi manbasi Turkiya va Rossiya Rossiya gazi uchun to‘lovlarni kechiktirish masalasini muhokama qilmayotganini, narx bo‘yicha muzokaralar olib borilayotgani va bu borada hech qanday muammo yo‘qligini ma’lum qildi.
“Mamlakatingizning mas’ul vakillari menga bir necha bor ta’kidlaganidek, Turkiya Rossiyani doimo ishonchli gaz yetkazib beruvchi sifatida ko‘rib kelgan va bu ishonchlilikni yuqori baholagan. Biz Turkiya oldidagi majburiyatlarimizni doimo bajarganmiz va bundan keyin ham bu prinsipial pozitsiyamizga sodiq qolishimizga shubha qilish uchun asos yo‘q”, - dedi elchi Turkiyaning “Dünya” gazetasiga bergan intervyusida.
Oktabr oyida Vladimir Putin Turkiyada gaz xabi tashkil etishni taklif qilgan edi. Putin ta’kidlaganidek, bunday qaror iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq, shuningdek xavfsizlik darajasi ancha yuqori.
Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdog‘an bilan uchrashuvda Putin markazning yaratilishi narxni “normal, bozor darajasida, hech qanday siyosiy ohanglarsiz” xotirjam tartibga solish imkonini berishini ta’kidladi.
Turkiya rahbari keyinroq ma’lum qilganidek, u rossiyalik hamkasbi bilan markaz tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishdi va Yevropa Rossiya gazini Turkiya orqali qabul qila oladi.