Shavkat Mirziyoyev BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri bilan uchrashadi

Sherzod Asadov prezidentning haftalik ish rejasini ma’lum qildi.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev 3-noyabr kuni BAA hukumat ishlari bo‘yicha vaziri Muhammad bin Abdulloh al-Gargaviy bilan uchrashadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.
Sherzod Asadovning so‘zlariga ko‘ra, joriy hafta ham davlat rahbari ishtirokida ko‘plab uchrashuv, muhokama va tadbirlar bo‘lib o‘tadi.

"Bugun ertalab prezidentga qishloq xo‘jaligi vaziri Aziz Voitov qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va bu borada issiqxonalar faoliyatini qo‘llab quvvatlash masalasida hisobot berdi", - deya qayd etdi Sherzod Asadov.

Kunning ikkinchi yarmida hudud va tarmoqlarda energiya tejamkorligini ta’minlash chora-tadbirlari yuzasidan soha mutasaddi rahbarlari ishtirokida taqdimot rejalashtirilgan.
Hafta davomidagi tadbirlar:
iqtisodiyot tarmoqlariga berilayotgan imtiyozlar samaradorligini o‘rganish natijalari yuzasidan muhokama;
mahalliy sanoatni yanada rivojlantirish borasida mavjud imkoniyatlar va yangi zaxiralarni safarbar etish yuzasidan kengaytirilgan majlis;
odil sudlovni ta’minlash hamda sud islohotlarini yanada takomillashtirish borasidagi ustuvor vazifalar yuzasidan taqdimot.
Bundan tashqari, 1-noyabr kuni prezident Germaniya tashqi ishlar vaziri Annalena Berbok boshchiligidagi delegatsiyani qabul qiladi.