Ichki audit milliy standartlari ishlab chiqildi

Mablag‘larini taqsimlovchilar va ular tizimidagi budjet tashkilotlari ichki audit xizmati uchun milliy standartlar o‘rnatilmoqda.
Sputnik
TOShKENT, 31 okt — Sputnik. 24 oktabr kuni Moliya vazirining “Ichki audit milliy standartlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 52-con buyrug‘i imzolandi, deya yozadi Norma.uz.
Hujjat bilan budjet mablag‘larini taqsimlovchilar va ular tizimidagi budjet tashkilotlari hamda davlat maqsadli jamg‘armalarining ichki audit xizmati uchun milliy standartlar o‘rnatilmoqda.
Standartlarga muvofiq:
- ichki audit xizmati o‘z faoliyatida vazirlik va idoraning boshqa tarkibiy bo‘linmalaridan mustaqil hisoblanadi va bevosita vazirlik va idora rahbariga bo‘ysunadi hamda unga hisobdordir;
- ichki audit tadbirlari ichki audit yillik rejasi asosida ichki audit obyektida o‘tkaziladi;
- budjet to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushganda hamda fuqarolar ishtirokidagi audit tizimi orqali ichki audit tadbiri o‘tkaziladigan ichki audit obyektlari aniqlanganda, ichki audit tadbirlari vazirlik va idora rahbari qarori asosida o‘tkaziladi;
- ichki audit tadbiri ichki audit tadbirini o‘tkazish guruhi yoki ichki audit xizmati xodimi tomonidan o‘tkaziladi;
- ichki audit xizmati ichki audit obyekti rahbariga auditdan 5 kun oldin ichki audit tadbiri davomida bajariladigan ishlar to‘g‘risida qisqacha ma’lumot, ichki audit tadbirini o‘tkazishda taqdim etilishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar va hujjatlar ro‘yxati hamda ularni taqdim etish muddatlari, ichki audit tadbirini o‘tkazish guruhi a’zolari ro‘yxatini ilova qilgan holda xabarnoma yuboradi.
Shuningdek, 2023-yilning 1-sentabridan boshlab ichki audit xizmati xodimining malakasi ichki audit milliy malaka sertifikati orqali tasdiqlanadi.